O‘zbekiston Markaziy Osiyoda integratsiyani mustahkamlamoqda
Oktabr 14, 2026. 12:00 • 3 daq
• 42QOHIRA, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Misrning qator ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Al-Awsat” va “Eldameer” nashrlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Buyuk Britaniya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvi yoritildi.
Muallif ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmining o‘sishi, O‘zbekistonda 260 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgani, London fond birjasida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi qimmatli qog‘ozlarining joylashtirilishi hamda ta’lim sohasidagi hamkorlik natijalari xususida to‘xtalib o‘tgan.
Shuningdek, infratuzilma, energetika, moliya, geologiya, transport, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish, Buyuk Britaniyaning Eksportni moliyalashtirish agentligini jalb etish hamda Toshkentda ingliz huquqi asosida faoliyat yurituvchi xalqaro moliya markazini tashkil etish istiqbollariga e’tibor qaratilgan.
Uchrashuv yakunida ko‘p tarmoqli hamkorlikni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishilgani ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi muhim qadam sifatida taqdim etilgan.
“Al Diplomasy” nashrida chop etilgan maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaga ta’siri tahlil qilingan.
O‘zbekistonning ochiqlik va pragmatizm siyosati mintaqada savdo, investitsiya, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlangan. Ozarbayjonning mintaqaviy muloqotga qo‘shilishi, O‘rta koridorning ahamiyati va qo‘shma iqtisodiy loyihalarning istiqbollari yoritilgan.
Materialda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon ishtirokidagi sakkizinchi Maslahat uchrashuvi natijalari hamda mintaqaviy hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlari tahlil qilingan. Sanoat kooperatsiyasi, transport infratuzilmasi, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, «yashil» energetika va muhim minerallar sohalaridagi tashabbuslarga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish mintaqaning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun muhim ekani qayd etilgan. O‘zbekistonning qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish, yagona hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va mintaqaviy kasblar atlasini ishlab chiqishga oid takliflari amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan tashabbuslar sifatida ko‘rsatilgan.
Ushbu nashrdagi yana bir maqolada Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida suv xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslardan samarali foydalanish masalalari yoritilgan. Suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish, qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash hamda irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilishning ahamiyati ta’kidlangan.
O‘zbekistonda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, kanallarni betonlash va suv xo‘jaligini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham misol sifatida keltirilgan.
Shuningdek, turkiy davlatlar o‘rtasida ilmiy-ta’limiy aloqalarni kengaytirish, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha tajriba almashish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
Muallif suv xavfsizligini faqat milliy muammo emas, balki mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, ekologik barqarorlik va xalqlar farovonligini ta’minlashning muhim omili sifatida talqin qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



