O‘zbek milliy sanʼati Malayziyadagi madaniyat festivalida namoyish etildi
Sentabr 17, 2026. 11:00 • 2 daq
• 69
KUALA-LUMPUR, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 8–14-sentabr kunlari Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida “Chegara bilmas hamjihatlik” mavzusida madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Minglab malayziyaliklar va xorijiy sayyohlarni jalb etgan mazkur madaniy diplomatiya haftaligida Malayziya, O‘zbekiston, Xitoy va Hindistondan mohir sanʼat ustalari ishtirok etdi.
ASEAN mintaqasidagi ushbu nufuzli festivalda ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston Milliy maqom ansamblining chiqishlari tadbirning eng yorqin madaniy dasturlaridan biri bo‘ldi. Ansambl ijrosidagi milliy kuylar va doira sadolari festival ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otib, o‘zbek milliy musiqa sanʼatining o‘ziga xosligi va boy anʼanalarini namoyish etdi.
O‘zbek sanʼatkorlarining ishtiroki nafaqat milliy madaniyatimizni keng targ‘ib qilish, balki O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, urf-odatlari va sayyohlik salohiyatini Malayziya hamda keng ASEAN mintaqasi aholisiga yanada yaqinroq tanitishga xizmat qildi.
Bu kabi madaniy tadbirlar xorijiy auditoriyaning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mamlakatimizning turistik jozibadorligini targ‘ib qilish va ayniqsa, boy islomiy merosimiz bilan bog‘liq ziyorat turizmini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi