Islomobodda turizm bo‘yicha O‘zbekiston va Pokiston hamkorligini yana-da rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi

May 28, 2026. 14:00 • 3 daq

132
Islomobodda turizm bo‘yicha O‘zbekiston va Pokiston hamkorligini yana-da rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi

ISLOMOBOD, 28-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi boshqaruvchi direktori Aftab ur-Rehman Rana bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini kengaytirish va mazkur yo‘nalishda amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar turizm sohasida turli darajalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, yangi hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va Turizm bo‘yicha O‘zbekiston–Pokiston qo‘shma ishchi guruhining 2-yig‘ilishini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Aftab ur-Rehman Rana O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 5-6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama savdo va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida»gi bayonnoma ikki mamlakat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqanini qayd etdi. U mazkur hujjat asosida turizm sohasidagi hamkorlikni yana-da faollashtirish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish va amaliy natijalarga yo‘naltirilgan qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Mazkur jabhada taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Pokistondagi «Turizm va mehmonxona boshqaruvi kolleji» taʼlim muassasalari tarmog‘i bilan Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Xalqaro turizm akademiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Shu bilan birga, Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi va «Uzbekistan Airways» o‘rtasida anglashuv memorandumlarini imzolash tashabbusi bildirildi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasida turistik oqimni oshirish, yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Muzokaralarda Turizm bo‘yicha O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma ishchi guruhining 2-yig‘ilishini videokonferensiya shaklida o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi va «Pakistan Travel Mart» o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatish, turizm yarmarkalari va xalqaro forumlarda o‘zaro ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Tomonlar ikki mamlakatning boy madaniy merosi, tarixiy obidalari va ziyorat turizmi salohiyatidan samarali foydalanish orqali sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirish mumkinligini qayd etdilar. Shu nuqtai nazardan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar hamda Pokistonning madaniy va tabiiy turistik maskanlari o‘rtasida qo‘shma turistik yo‘nalishlar ishlab chiqish istiqbolli yo‘nalish sifatida baholandi.

Uchrashuv yakunida Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbariyati bilan «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Xalqaro turizm akademiyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn muzokaralarni tashkil etishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish