Andijon viloyati va Xitoyning Xaynan provinsiyasi o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatildi
May 26, 2026. 15:55 • 2 daq
• 106XAYKOU, 26-may. /“Dunyo” AA/. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Xitoyning Xaynan provinsiyasida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xaynan provinsiyasi gubernatori Lyu Syaomin bilan uchrashuvda hududlararo hamkorlikni izchil rivojlantirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, taʼlim, tibbiyot va turizm sohalarida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tadbir doirasida Andijon viloyati va Xaynan provinsiyasi o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Mamlakatimizning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etilgan “Andijon – Xaynan: savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik” mavzusidagi forumda provinsiyaning tashqi ishlar va tijorat departamentlari, iqtisodiy birlashmalari rahbarlari hamda 150 dan ortiq yetakchi mahalliy kompaniya vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilar eʼtiboriga Andijon viloyatining investitsiyaviy va turistik salohiyati hamda hududda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqidagi taqdimotlar havola etildi.
Viloyat delegatsiyasining qishloq xo‘jaligi, mebel ishlab chiqarish, qurilish materiallari, elektrotexnika va logistika sohalarida faoliyat yurituvchi 15 dan ortiq kompaniya bilan o‘tkazgan muzokaralari davomida Andijon viloyatida o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida provinsiyaning iqtisodiy tuzilmalari va turli tarmoqlarda faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalarining Andijon viloyatiga biznes-missiyalarini tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








