“Daily Spokesman”: Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatiga katta tantana bilan kuzatildi

May 26, 2026. 13:55 • 2 daq

34
“Daily Spokesman”: Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatiga katta tantana bilan kuzatildi

ISLOMOBOD, 26-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga so‘nggi tayyorgarlik jarayonini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, ushbu mamlakatning yetakchi bosma nashrlaridan biri “Daily Spokesman” gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini 2026-yilgi jahon chempionatiga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tgani haqida maqolani eʼlon qilindi.

Maqolada O‘zbekiston Prezidenti stadionda to‘plangan yurtdoshlarimiz, futbol muxlislari, milliy terma jamoa aʼzolari, murabbiylar shtabi va sport jamoatchiligi vakillarini katta futbol bayrami bilan tabriklagani qayd etilgan.

Davlat rahbari bu yil o‘zbek futboli uchun muhim tarixiy yil bo‘lgani, milliy terma jamoa AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tadigan jahon chempionatiga katta ishonch va ezgu tilaklar bilan kuzatilayotganini taʼkidlagan.

“Futbolchilarimizni O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochgan zamonamiz qahramonlari deb aytsak arziydi. Ular xalqimizga olam-olam quvonch bag‘ishladi”, – deya O‘zbekiston Prezidenti so‘zlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.

O‘zbekiston yetakchisi jahon chempionatida oson o‘yin bo‘lmasligi, milliy terma jamoa guruh bosqichida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo kabi kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushishini taʼkidladi. Shu bilan birga, o‘zbek futbolchilar allaqachon tarix yaratgani, endi ular muhim uchrashuvlarda ortiqcha bosimsiz, bor kuch-g‘ayrati bilan Vatan sharafini munosib himoya qilishi zarurligi qayd etgan.

Nashrda yozilganidek, mundial o‘yinlarida fan-klublar, minglab futbol muxlislari va Amerikadagi vatandoshlarimiz stadionlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Daily Spokesman”da futbolchilarni jahon chempionatiga kuzatish marosimi davomida katta konsert dasturi namoyish etilgani, tadbir yakunida milliy terma jamoa aʼzolari ishtirokida nazorat uchrashuvi bo‘lib o‘tgani ham yoritilgan.

“2026-yilgi FIFA Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada maydonlarida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Portugaliya, Kongo va Kolumbiya bilan birga “K” guruhidan o‘rin olgan”, – deyilgan material yakunida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish