O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi
May 25, 2026. 17:25 • 2 daq
• 183KUALA-LUMPUR, 26-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev “SME Corporation Malaysia” davlat agentligi bosh ijrochi direktori Rizal bin Naini bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning sohaga masʼul idoralari va Malayziya davlat agentligi o‘rtasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish masalasida fikr almashildi. Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznes subyektlarini boshqarishda ikki tomonlama tajriba almashishni kengaytirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Rizal bin Naini o‘zbek tomonining Malayziyaning sohadagi eng ilg‘or amaliyotini chuqur o‘rganish va uni O‘zbekiston iqtisodiyotiga tatbiq etish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Xorij tomoni Malayziyada tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar tizimi, kichik va o‘rta biznes subyektlarining raqobatbardoshligini baholovchi SCORE (SME Competitiveness Rating for Enhancement) instrumenti va uning metodologiyasi, sohani moliyalashtirishning zamonaviy institutsional asoslari yuzasidan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va amaliy mexanizmlarini belgilab olish maqsadida yaqin kunlarda soha mutaxassislari ishtirokida onlayn muzokaralar tashkil etishga kelishildi.
1996-yilda Malayziya Tadbirkorlik va kooperativlarni rivojlantirish vazirligi (MECD) huzurida tashkil etilgan “SME Corp.” agentligi bugungi kunda mamlakat miqyosida mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari uchun yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi, strategik tashabbuslarni muvofiqlashtiruvchi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini boshqaruvchi bosh tashkilot hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






