Buxoro viloyati va Xitoyning Xunan provinsiyasi o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatildi
Sentabr 21, 2026. 15:00 • 2 daq
• 113CHANSHA, 21-sentabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent va Buxoro viloyatlari delegatsiyasi Xitoyning Chansha shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro birodar shaharlar va hamkor hududlar forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda 28 ta mamlakat vakillari qatnashdi. Toshkent viloyati delegatsiyasi hududning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini taqdim etib, Xunan provinsiyasi bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirdi.
Forum doirasida O‘zbekiston vakillari Xunan provinsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni oshirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Buxoro viloyati va Xunan provinsiyasi o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu hujjat hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Tashrif davomida, shuningdek, Xitoy biznesi vakillari bilan tarmoq uchrashuvlari, taqdimotlar va B2B muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ta’lim sohasida Buxoro davlat universiteti va Xunan universiteti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
O‘zbekiston mahsulotlarini Xitoy bozorida ilgari surish maqsadida Bosh konsulxona tomonidan “Hunan International Friendship Cities Premium Products” ko‘rgazmasida “Made in Uzbekistan” stendi tashkil etildi. Unda o‘zbek hunarmandlarining eksportga mo‘ljallangan mahsulotlari namoyish etildi.
O‘tkazilgan uchrashuv va taqdimotlar ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish hamda O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




