O‘zbekiston davlat ko‘chmas mulkini boshqarishda Germaniya tajribasini o‘rganmoqda

Sentabr 21, 2026. 14:30 • 2 daq

143
O‘zbekiston davlat ko‘chmas mulkini boshqarishda Germaniya tajribasini o‘rganmoqda

TOSHKЕNT, 21-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Germaniya vakillari o‘rtasida davlat ko‘chmas mulkini boshqarishni takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan onlayn-uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Germaniya Federal mulkini boshqarish agentligi (BImA), Federal moliya vazirligi, Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va “Indecon Consulting” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Sohibjon Murodov ta’kidlaganidek, nemis ekspertlari ko‘magida ilgari davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish sohasidagi qonun loyihalari hamda yurtimizdagi birinchi korporativ boshqaruv kodeksi tayyorlangan edi.

Hamkorlikning yangi bosqichi doirasida davlat ko‘chmas mulkini boshqarish, jumladan, obyektlarni baholash, ularni ijaraga berish va sotish hamda bo‘sh turgan binolardan unumli foydalanish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.

Muloqotda Federal moliya vazirligi O‘zbekiston bilan rivojlanib borayotgan hamkorlikni yuqori baholab, mamlakatga ko‘mak berish 2009-yildan buyon davom etayotganini ta’kidladi.

BImA vakillari federal obyektlarni boshqarishning Germaniya tajribasini taqdim etdi hamda O‘zbekiston tomoni bilan davlat ko‘chmas mulkining raqamli reyestrini yaratish va binolarga texnik xizmat ko‘rsatish masalalarini muhokama qildi.

Germaniya vakillari davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirishning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini ishlab chiqish hamda davlat ishtirokidagi kompaniyalarda korporativ boshqaruvni takomillashtirishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish