Buyuk Britaniyaning “Woolf Institute” delegatsiyasi O‘zbekistondagi millatlararo va dinlararo totuvlik tajribasini o‘rgandi
Noyabr 17, 2026. 11:30 • 2 daq
• 178LONDON, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning “Woolf Institute” va Kembridj universiteti delegatsiyasi Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, O‘zbekistonning dinlararo totuvlik va vijdon erkinligini ta’minlash borasidagi tajribasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Musulmonlar idorasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Mehmonlarga diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, tolerantlik va konfessional hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni yot va radikal g‘oyalardan himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berildi.
Delegatsiya, shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi tarixiy obidalar hamda ziyoratgohlarga tashrif buyurdi.
Kembridj shahrida joylashgan “Woolf Institute” yahudiylik, xristianlik va islom dinlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, akademik tadqiqotlar hamda dinlararo muloqotni rivojlantirishga ixtisoslashgan.
Institut ijroiya direktori doktor Ester-Miriam Vagner O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi ekani, mintaqaning boy islom merosini bog‘lab turishini qayd etib, yosh mamlakatning optimizmi va keng ko‘lamli rejalari g‘arb davlatlari uchun ham namuna bo‘la olishini ta’kidladi.
Institut a’zosi, “Edmond de Rothschild Capital Holdings” sobiq bosh direktori Rik Sofer safar davomida madrasa talabalari va o‘qituvchilari bilan suhbatlarda diniy radikalizm alomatlarini sezmaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yahudiy sifatida u uchun Samarqand sinagogalarida tazyiqlar haqida hech qanday shikoyat eshitmagani muhim ahamiyatga ega. U Buyuk Britaniya va Yevropa vakillarini O‘zbekistonning birdamlik va o‘zaro hurmatni ta’minlash borasidagi tajribasini o‘rganishga chaqirdi.
Kembridj universiteti tadqiqotchisi doktor Aliya Abdukadir Ali O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish tizimi uni lol qoldirganini aytdi. U Toshkentdagi Zangiota va Buxorodagi Qizbibi ziyoratgohlarida asrlar davomida buyuk ayollar xotirasi e’zozlanib kelinayotganiga e’tibor qaratdi.
Ushbu tashrif O‘zbekistonning dinlararo totuvlik sohasidagi to‘plagan tajribasini xalqaro hamjamiyatga yetkazish hamda Buyuk Britaniya bilan ilmiy-ma’rifiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





