O‘zbekistonlik mutaxassislar Italiyaning ekologik baholash sohasidagi tajribasini o‘rgandi

Noyabr 16, 2026. 10:00 • 2 daq

• 75
O‘zbekistonlik mutaxassislar Italiyaning ekologik baholash sohasidagi tajribasini o‘rgandi
O‘zbekistonlik mutaxassislar Italiyaning ekologik baholash sohasidagi tajribasini o‘rgandi

RIM, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston davlat ekologik ekspertiza markazi delegatsiyasining Italiyaga o‘quv-amaliy tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tashrif Italiya Atrof-muhit va energetika xavfsizligi vazirligi (MASE), Ta’sirni baholash xalqaro assotsiatsiyasining Italiya bo‘limi (IAIA Italia) hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) hamkorligida amalga oshirildi.

Rim shahrida “Ekologik baholashda sun’iy intellektdan foydalanish: Italiya tajribasi” mavzusida tashkil etilgan o‘quv kursi davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning zamonaviy yondashuvlari, amaliy mexanizmlari hamda Italiyada to‘plangan ilg‘or tajriba bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, ekologik baholash jarayonlarida sun’iy intellektdan samarali va mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan “O‘n tamoyil” asosidagi yondashuvlar alohida o‘rganildi. Marke viloyatida investitsiya loyihalarini dastlabki tavsiflash va baholashda, Lombardiya viloyatida esa chiqindilarni boshqarish obyektlarini ekologik skriningdan o‘tkazishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish amaliyoti bilan tanishildi.

Vakillarimiz o‘quv mashg‘ulotlari bilan bir qatorda Italiyaning tegishli tashkilotlari va mutaxassislari bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan muzokaralar ham o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida tomonlar mavjud axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, Italiyaning ilg‘or tajribasi va texnologik yechimlarini O‘zbekistonda ishlab chiqilayotgan “Eco-Expert.AI” axborot tizimiga joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Mutaxassislar o‘rtasida muntazam tajriba almashish va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha ham muhim kelishuvlarga erishildi.

Ushbu o‘quv-amaliy tashrif O‘zbekistonda ekologik ekspertiza va baholash jarayonlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, qarorlar qabul qilish samaradorligi va sifatini oshirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish