Tokioda Toshkent viloyatining investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi
Noyabr 17, 2026. 09:30 • 3 daq
• 150TOKIO, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda hududning iqtisodiy salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan biznes-forum o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forumda Toshkent viloyatidan 30 nafar tadbirkor hamda Yaponiyaning 200 dan ortiq kompaniya va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Xususan, Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi vazirligi, Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligi, Vakayama va Nagano prefekturalari, “Mitsubishi Corporation”, “Toyota Tsusho Corporation”, “Sumitomo Corporation”, “Chiyoda Corporation”, “Yokogawa Electric”, “Meiji Seika Pharma” kabi kompaniyalar qatnashdi.
Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi o‘rtasidagi yuksak ishonchga asoslangan muloqot tufayli izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda viloyatning asosiy kapitaliga qariyb 5,2 milliard dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 6,3 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Eksport hajmini 2,1 milliard dollardan 2,8 milliard dollargacha oshirish ko‘zda tutilgan. Viloyatda umumiy qiymati 20 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 70 ga yaqin yirik investitsiya loyihasi shakllantirildi.
O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Ravshanbek Duschanovning ma’lum qilishicha, 2025-yilda mamlakat iqtisodiyotiga 43 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb etilgan. 2026-yilning birinchi yarmida esa iqtisodiy o‘sish 8,5 foizni tashkil qilgan.
Bugungi kunda yurtimizda Yaponiya sarmoyasi ishtirokidagi 140 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli esa 12 milliard dollardan oshadi.
Forum doirasida biznes-matching hamda B2B va B2G formatida 50 dan ziyod uchrashuv o‘tkazildi. Ularda mashinasozlik, energetika, ekologiya, farmatsevtika, agrosanoat, raqamli iqtisodiyot sohalaridagi hamda Nurafshon shahrida “aqlli shahar” qurish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish, yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. 30 dan ortiq yirik xorijiy investor O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi.
“Noritsuisu” kompaniyasi prezidenti Shyogo Aoki “Japan Town” konsepsiyasi haqida to‘xtalib, 100 gektarga yaqin maydonda Yaponiya sifat standartlariga to‘la javob beradigan zamonaviy infratuzilma barpo etilishi rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
“Regeta” kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti Keydzaburo Xiyosi o‘zbekistonlik hamkorlar ko‘magida Markaziy Osiyo va Rossiya bozorlariga chiqish niyatida ekanini ma’lum qildi.
“Aomori Nousan” kompaniyasi ijrochi direktori Taysey Fudzitaning so‘zlariga ko‘ra, korxona O‘zbekiston xomashyosidan mahsulot ishlab chiqarish jarayonini sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazgan va kelgusida AQSH hamda Yevropa bozorlariga chiqishni mo‘ljallamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



