Misr O‘zbekiston bilan transport sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda

Iyul 06, 2026. 15:00 • 2 daq

144
Misr O‘zbekiston bilan transport sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda

QOHIRA, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev Misr transport vaziri Komil al-Vazir bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirish, ikki mintaqani bog‘lovchi yangi va iqtisodiy jihatdan arzon transport yo‘laklarini tashkil etish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda Misr tomoni “Misr – Iordaniya – Iroq strategik uch tomonlama hamkorligi” formati doirasida amalga oshirilayotgan yirik infratuzilmaviy tashabbuslar, xususan, Qohira – Amman – Bog‘dod yo‘nalishida yangi temir va avtomobil yo‘llarini qurish rejalari to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi. Qayd etilishicha, mazkur strategik loyihaning hayotga tatbiq etilishi istiqbolda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining Afrika qitʼasi bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishini hamda barqaror logistik bog‘liqligini taʼminlashda muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.

Muloqot yakunida tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasida transport-logistika yo‘nalishidagi aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, sohaviy idoralar o‘rtasida o‘zaro delegatsiyalar almashuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlik memorandumlarini imzolashga tayyorgarlik ko‘rish hamda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni boshlash yuzasidan kelishuvga erishdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish