O‘zbekiston va Germaniya agrar markaz tashkil etish masalasi hamda qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

Noyabr 05, 2026. 13:00 • 3 daq

• 144
O‘zbekiston va Germaniya agrar markaz tashkil etish masalasi hamda qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

BЕRLIN, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. Nemis delegatsiyasining yurtimizga tashrifi davomida O‘zbekiston–Germaniya qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, investitsiyalar jalb qilish va agrar ta’limni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiyaga Germaniya Bundestagi deputati, Federal oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va hududiy o‘ziga xoslik vazirligining parlament davlat kotibi Martina Englhardt-Kopf boshchilik qildi. Unga nemis ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari hamrohlik qildi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Germaniya delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarida fermer xo‘jaliklarini moliyalashtirish, agrar kreditlash, kooperativlarni boshqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini kengaytirish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) negizida Germaniya agrar markazini tashkil etish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida agrotexnologiyalar almashinuvi uchun mintaqaviy platformani yaratish tashabbuslari ilgari surildi.

Ta’lim sohasida Vaynshtefan–Trizdorf amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan ferma va 50 gektarlik tajriba dalasiga ega o‘quv-amaliyot markazini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Ilmiy hamkorlik doirasida Yulius Kyun instituti bilan sholi maydonlarida tuproq unumdorligini saqlash, Xoenxaym universiteti bilan esa ingichka tolali g‘o‘za yetishtirishda suvni tejovchi va raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Delegatsiya O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi Aktam Xaitov bilan ham uchrashdi. Tomonlar fermer xo‘jaliklari samaradorligini oshirish, xorijiy tajribani joriy etish hamda ilmiy-ta’lim aloqalarini mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqdi.

27-oktabr kuni Toshkent davlat agrar universitetida ikki mamlakat davlat idoralari, ilmiy muassasalari, oliy o‘quv yurtlari va biznes vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Germaniya agrar-iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, raqamli dehqonchilik, chorvachilikni modernizatsiya qilish, sut ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda hayvonlarni raqamli identifikatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, sifatli urug‘lik yetishtirish, kartoshkaning sog‘lom mini-tuganaklarini ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, delegatsiya Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”)ga tashrif buyurib, barqaror qishloq xo‘jaligi, ekologik innovatsiyalar va akademik almashinuv sohalaridagi qo‘shma tadqiqotlar bo‘yicha fikr almashdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar ilmiy va ta’lim muassasalari, biznes hamda sohaviy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish