Latviya kompaniyalari O‘zbekistonning investitsiya va logistika imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Oktabr 08, 2026. 18:30 • 2 daq

• 129
Latviya kompaniyalari O‘zbekistonning investitsiya va logistika imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Latviya kompaniyalari O‘zbekistonning investitsiya va logistika imkoniyatlarini o‘rganmoqda

RIGA, 8-oktyabr. /«Dunyo» AA/. «Markaziy Osiyo – Boltiqbo‘yi» uyushmasi rahbari Aleksandrs Vidyakins boshchiligidagi Latviya kompaniyalari delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tashrif davomida delegatsiya O‘zbekiston Transport vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasida uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda tranzit tashuvlarini oshirish, yangi logistika xablarini tashkil etish, yuk tashish yo‘nalishlarini rivojlantirish, temiryo‘l va aviatsiya sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Riga erkin porti negizida O‘zbekiston–Latviya logistika xabini yaratish, eksportchilar va importchilar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqish imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi.

Delegatsiya a’zolari Surxondaryo viloyati va «Ayritom» maxsus iqtisodiy zonasiga ham tashrif buyurdi. Unda Termiz shahrini Markaziy, Janubiy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport-logistika marshrutlariga integratsiya qilish, Yevropa mamlakatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalari muhokama qilindi.

Latviyalik tadbirkorlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, rezavor mevalarni yetishtirish va muzlatish, issiqxona xo‘jaligi, biogaz hamda organik o‘g‘itlar ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlarini ham o‘rgandi.

Tashrif Toshkent shahrida o‘tkazilgan biznes-forum bilan yakunlandi. Unda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar Latviya kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Tomonlar o‘zaro savdo aylanmasini oshirish, O‘zbekiston mahsulotlari eksportini kengaytirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish