O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Oktabr 08, 2026. 16:00 • 3 daq
• 100BЕRLIN, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Germaniya bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati hamda uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Germaniya Savdo-sanoat palatasi (DIHK) Tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi majlisi arafasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari, DIHK a’zolari, iqtisodiy soha ekspertlari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. U mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususiy sektorga ko‘rsatilayotgan ko‘mak hamda xorijiy investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritdi.
Texnologiyalar, sanoat kooperatsiyasi, mashinasozlik, energetika, raqamlashtirish, raqamli innovatsiyalar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning asosiy qismi elchi, DIHK Tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi raisi Peter Kolits hamda DIHK boshqaruvi a’zosi, tashqi iqtisodiy bo‘lim rahbari Folker Trayer ishtirokidagi panel muhokamasi shaklida o‘tdi.
Ishtirokchilar nemis kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Peter Kolits Germaniya biznesining O‘zbekistonga nisbatan qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.
“Mamlakat yalpi ichki mahsuloti bir necha yildan beri 6 foizdan yuqori sur’atlarda o‘sib borayotgani diqqatga sazovordir. Bu iqtisodiyotning jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi”, – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya tomoni O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bilan doimiy muloqot olib bormoqda va ushbu kompaniyalar mamlakatning iqtisodiy o‘sishi hamda yangi imkoniyatlari haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishidan manfaatdor.
Shuningdek, Peter Kolits nemis kompaniyalari uchun yangi bozorlarni topish, sheriklik aloqalarini kengaytirish va faoliyatni diversifikatsiya qilish tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani, O‘zbekiston esa Yevropada hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rilayotganini ta’kidladi.
Folker Trayer esa O‘zbekistonning nemis biznesi uchun afzalliklari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Aholining yosh va salmoqli qismi, malakali kadrlar, boy tabiiy resurslar hamda qulay geografik joylashuv savdo, ishlab chiqarish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda”, – dedi u.
Uning fikricha, Germaniya kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya, texnologiya, nou-xau va tizimli yechimlarni taklif etishi mumkin. Trayer mamlakatning Sharqiy Osiyoni Yevropa, jumladan, Germaniya bilan bog‘lash imkoniga ega bo‘lgan Transkaspiy transport yo‘nalishidagi ishtirokiga alohida urg‘u berdi.
U Kaspiy dengizi orqali multimodal logistika, energetika zanjirlari, raqamlashtirish va infratuzilma loyihalarini rivojlantirish istiqbollarini qayd etdi.
Folker Trayerning ta’kidlashicha, Germaniya kompaniyalari O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishi, xomashyo va oraliq mahsulotlarni qayta ishlab, tayyor tovarlarni ham ichki bozorga, ham eksportga yetkazib berishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



