O‘zbekiston ta’lim muassasalari vakillari Londonda xalqaro tajribani o‘rgandi
Oktabr 01, 2026. 13:30 • 2 daq
• 116
LONDON, 1-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning xususiy va nodavlat ta’lim muassasalari asoschilari hamda rahbarlaridan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan Londonda bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida delegatsiya Londonning qator ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishib, maktabgacha va umumiy ta’lim, ikki tilli ta’lim, “Valdorf” ta’lim yondashuvi, shuningdek, maxsus va inklyuziv ta’lim kabi turli yo‘nalishlarni o‘rgandi.
Xususan, nemis faylasufi va pedagogi Rudolf Shtayner tomonidan ishlab chiqilgan “Valdorf” yondashuviga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tizim faqat akademik bilimlargagina emas, balki bolaning ijodiy qobiliyatlari, hissiy sohasi, mustaqil fikrlashi va amaliy ko‘nikmalarini ham har tomonlama rivojlantirishni nazarda tutadi.
Safar davomida ishtirokchilar uchun zamonaviy ta’lim metodologiyalari, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, bilingval ta’lim va bolalarning individual ehtiyojlarini hisobga olgan holda ta’lim muhitini yaratishga bag‘ishlangan maxsus treninglar tashkil etildi.
Treninglarda qatnashchilar xorijlik mutaxassislar bilan bevosita muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan fikr almashdilar va zamonaviy ta’lim yondashuvlarini qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldilar.
Dastur yakunida O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida ishtirokchilarga malaka sertifikatlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi
Tashrif natijasida o‘rganib chiqilgan samarali ta’lim modellari va metodik yondashuvlarni Toshkent shahri va O‘zbekiston hududlaridagi xususiy hamda nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatiga bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi