Pokiston ishbilarmon doiralari Qibray va Bo‘stonliqdagi agroloyihalar bilan tanishdi

Iyun 26, 2026. 15:00 • 2 daq

142
Pokiston ishbilarmon doiralari Qibray va Bo‘stonliqdagi agroloyihalar bilan tanishdi
Pokiston ishbilarmon doiralari Qibray va Bo‘stonliqdagi agroloyihalar bilan tanishdi
Pokiston ishbilarmon doiralari Qibray va Bo‘stonliqdagi agroloyihalar bilan tanishdi
Pokiston ishbilarmon doiralari Qibray va Bo‘stonliqdagi agroloyihalar bilan tanishdi

TOSHKENT, 26-iyun /“Dunyo” AA/. Pokistonning “GO Group” tarkibiga kiruvchi “Go Dairy (Private) Limited” kompaniyasi rahbari Dur Muhammad Ayub boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrifi doirasida Qibray va Bo‘stonliq tumanidagi qator korxona va agrosanoat obyektlarida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Pokiston delegatsiyasi Qibray tumanida faoliyat yuritayotgan “Kamilka” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurib, korxonaning sutni qabul qilish va qayta ishlash quvvatlari, ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik yechimlari hamda tayyor sut mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv chog‘ida korxona rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish istiqbollari muhokama qilinib, sut mahsulotlarini qayta ishlash sohasida tajriba almashish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Safar doirasida delegatsiya vakillari Bo‘stonliq tumanidagi “Agrover” kartoshkachilik va urug‘chilik markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Mehmonlarga markazda kartoshkachilik va urug‘chilik sohasini rivojlantirish, yuqori hosildor navlarni yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalar almashish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur biznes-missiya O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida agrosanoat sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish