O‘zbekiston Yevropaning yirik logistika operatorlari uchun yangi bozorga aylanmoqda

Iyun 24, 2026. 19:00 • 3 daq

65
O‘zbekiston Yevropaning yirik logistika operatorlari uchun yangi bozorga aylanmoqda

VARSHAVA, 24-iyun /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Polshadagi elchixonasi tomonidan yirik logistika operatorlari – “Rohlig SUUS Logistics” kompaniyasi prezidenti Pyotr Ivo Xmelevskiy bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Polsha tomani poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi natijalarini yuqori baholab, mazkur tadbir O‘zbekistonda iqtisodiy sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli va qaytmas islohotlarni butun dunyoga namoyon etganini alohida qayd etdi.

Pyotr Ivo Xmelevskiy ta’kidlashicha, uning kompaniyasi bir necha yil avval Qozog‘iston bozoriga kirgan bo‘lib, hozirda O‘zbekistonda ham o‘z korxonasini tashkil etmoqda. Bu O‘zbekistonni “Rohlig SUUS Logistics” guruhi faoliyat yuritayotgan 9-davlatga aylantiradi.

Kompaniya rahbari O‘zbekistonning jadal iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini yuqori baholab, mamlakatning bugungi taraqqiyoti Polshada 1990 yillarda kuzatilgan iqtisodiy transformatsiya jarayonlarini eslatishini qayd etdi. Uning fikricha, O‘zbekiston xorijiy investitsiyalarni faol jalb etayotgani, infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotgani va qulay biznes muhitini shakllantirayotgani bilan investorlar uchun jozibador bozor hisoblanadi.

O‘zbekistonning aholisi qariyb 39 million nafarga yetgani, aholining o‘rtacha yoshi 30 yoshdan kamligi, iqtisodiyotning har yili 5 foizdan ortiq o‘sishi mamlakatning yuqori demografik va iqtisodiy salohiyatini namoyon etmoqda. Shuningdek, u yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi, temir yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish va raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirayotganiga e’tibor qaratdi.

Kompaniya prezidentining ma’lum qilishicha, farmatsevtika, maishiy texnika, tez aylanuvchi iste’mol tovarlari (FMCG), to‘qimachilik, mashinasozlik va qurilish sohalarida faoliyat yuritayotgan ko‘plab Polsha va Yevropa kompaniyalari Markaziy Osiyo mamlakatlariga mahsulot eksport qilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda kompaniya ochilishi mintaqada ishlashni rejalashtirayotgan Yevropa kompaniyalari uchun muhim logistik platforma vazifasini bajaradi.

Kompaniya O‘zbekistonda xalqaro avtomobil tashuvlari, mahalliy distributsiya, omborxona xizmatlari, bojxona rasmiylashtiruvi, havo, dengiz va temir yo‘l yuk tashuvlari hamda intermodal logistika xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi transport yo‘laklarining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Xususan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi hamda Kaspiy dengizi orqali Yevropaga chiquvchi O‘rta yo‘lak Yevroosiyo transport tarmog‘ining muhim qismiga aylanishi ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalish Yevropa bilan yuk tashish masofasini taxminan 900 kilometrga qisqartirishi va yetkazib berish muddatini 7–8 kunga kamaytirishi mumkin.

Shuningdek, Pyotr Ivo Xmelevskiy O‘zbekistonning Turkmaniston orqali Turkiya va Fors ko‘rfazi davlatlariga chiqish imkonini beruvchi “Islomobod–Tehron–Istanbul” transport yo‘lagi hamda “Termiz–Qobul–Peshovar” temir yo‘li loyihasi doirasida Hind okeaniga chiqish istiqbollarini yuqori baholadi.

Kompaniya rahbari havo yuk tashuvlari va yo‘lovchi tashish sohasida ham Markaziy Osiyo ahamiyati oshib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Polshaning “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi tomonidan “Varshava–Toshkent” muntazam aviaqatnovlarining yo‘lga qo‘yilishi hamda yangi yo‘nalishlarning ochilishi Polsha, Markaziy Osiyo va Uzoq Sharq o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish