O‘zbekiston va YUNESKO ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi
Noyabr 21, 2026. 17:30 • 2 daq
• 50
PARIJ, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. Fransiya poytaxtida O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Yuldashev hamda YUNESKO Bosh direktorining ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Syun Chen o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
YUNESKO shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan muloqot davomida O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Toshkent shahrida Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan YUNESKOning Maktabgacha ta’limni rivojlantirish markazi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Markazni Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalar uchun ilg‘or tajriba, bilim va innovatsion yondashuvlar almashinuvi bo‘yicha mintaqaviy maydonga aylantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
YUNESKO vakillari O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, mamlakatdagi ta’lim tizimini modernizatsiya qilish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetgani va ushbu natija YUNESKOning 2026 yilgi global hisobotida ham aks etgani ta’kidlandi.
Tomonlar 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Kasbiy ta’lim va ko‘nikmalar bo‘yicha Jahon sammitiga tayyorgarlik masalalarini ham muhokama qildi. YUNESKO mazkur xalqaro tadbirni tashkil etishda O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
“Ta’limni ekologiklashtirish bo‘yicha hamkorlik” global tashabbusi doirasida ekologik ta’limni rivojlantirish, maktablarda barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish va pedagog kadrlar malakasini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar ta’lim sifati va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi