Katta Manchester ishbilarmonlari O‘zbekiston IT bozoriga qiziqish bildirmoqda
Oktabr 30, 2026. 15:50 • 2 daq
• 212
LONDON, 30-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida “IT Park” va “Enterprise Uzbekistan” vakillarining Katta Manchester Savdo palatasining biznesni rivojlantirish va hamkorlik tarmog‘i yo‘nalishi rahbari Lyuis Krou bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida tomonlar axborot texnologiyalari, startaplarni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Britaniya tomoniga O‘zbekistonning texnologik ekotizimi, mahalliy IT-mutaxassislar salohiyati hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, soliq imtiyozlari va ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtiruvchi raqamli platformalar taqdim etildi.
Lyuis Krou Manchester ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston tomoniga Savdo palatasining “Affiliate Network” tarmog‘iga qo‘shilishni taklif etdi. Tarmoqda ishtirok etish ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, sohaga oid ma’lumotlar bilan almashish hamda yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari kiberxavfsizlik, moliyaviy va tibbiy texnologiyalar sohalarida ishbilarmonlik uchrashuvlari hamda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘z biznes platformalari orqali qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish hamda O‘zbekiston va Katta Manchester kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi