O‘zbekistonda YUNЕSKOning ta’limda sun’iy intellekt bo‘yicha yangi kafedrasi ta’sis etilmoqda
Noyabr 05, 2026. 10:30 • 3 daq
• 161PARIJ, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. YUNЕSKO Toshkentdagi Xalqaro Nordik universiteti negizida YUNЕSKOning Ta’limda sun’iy intellektni o‘qitish va o‘rgatish kafedrasini tashkil etishni ma’qulladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yangi kafedra faoliyati O‘zbekistonning YUNЕSKO bilan oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar hamda ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish sohasidagi xalqaro hamkorligini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi.
Kafedraning tashkil etilishi O‘zbekiston davlat siyosatining Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sun’iy intellektni rivojlantirish, raqamli transformatsiya hamda ilg‘or texnologik yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalariga mos keladi.
Xususan, ushbu tashabbus kadrlar salohiyatini yuksaltirish, o‘qituvchilarning malakasini oshirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash ko‘lamini kengaytirishni nazarda tutuvchi Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi qoidalariga hamohangdir.
Kafedraning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘ziga xos xususiyatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, oliy ta’limda sun’iy intellektni mas’uliyatli, axloqiy me’yorlarga mos va samarali qo‘llash bo‘yicha tadqiqotlar hamda amaliy yondashuvlarni rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.
Kafedra faoliyati dunyoning turli mamlakatlaridagi YUNЕSKO kafedralari va universitet tarmoqlarini birlashtiruvchi hamda xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va bilim almashishga qaratilgan YUNЕSKOning UNITWIN dasturi doirasida amalga oshiriladi.
Mazkur YUNЕSKO kafedrasi O‘zbekistonda to‘qqizinchisi bo‘lib, u milliy universitetlarning xalqaro akademik tarmoqlar va YUNЕSKO dasturlaridagi ishtirokini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ta’lim sohasida sun’iy intellektni joriy etish va tartibga solish masalalarini o‘rganish, uni o‘qitish va ta’lim jarayoniga integratsiya qilish uchun uslubiy tavsiyalar hamda vositalarni ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar tarkibi va ta’lim muassasalari rahbarlarining malakasini oshirish va raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, xalqaro ilmiy hamkorlik hamda ilg‘or tajriba almashinuvini kengaytirish kafedra faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sirasiga kiradi.
Kafedraning ochilishi O‘zbekistonning xalqaro ta’lim va ilmiy-tadqiqot makonidagi mavqeini mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi. U xorijiy ekspertlarni jalb qilish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy ta’lim yondashuvlarini ishlab chiqish va oliy ta’limda sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar platformasini shakllantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Ushbu kafedraning tashkil etilishi O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi. 2024-yil 22-oktabrda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Sun’iy intellekt etikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etilgan edi.
Ushbu nufuzli mukofot sun’iy intellekt etikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dunyodagi birinchi global tashabbus bo‘ldi. Mukofotni topshirish bo‘yicha birinchi tarixiy marosim 2025-yil noyabr oyida Samarqandda YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Mukofotga Fransiya, Braziliya va XXRning kelajakning axloqiy, inklyuziv va mas’uliyatli texnologiyalarini ilgari suruvchi ilg‘or loyihalari sazovor bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


