“The Japan Foundation” xalqaro tashkiloti Toshkent davlat agrar universitetiga yapon tili bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarini sovg‘a qildi

Noyabr 05, 2026. 11:00 • 2 daq

• 117
“The Japan Foundation” xalqaro tashkiloti Toshkent davlat agrar universitetiga yapon tili bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarini sovg‘a qildi

TOKIO, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Yaponiyaning “The Japan Foundation” xalqaro madaniy hamkorlik tashkiloti tomonidan Toshkent davlat agrar universiteti uchun grant asosida ajratilgan o‘quv adabiyotlarini rasmiy topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Toshkent davlat agrar universiteti uchun ajratilgan ko‘mak doirasida yapon tilini o‘rganishga mo‘ljallangan 11 turdagi jami 167 dona darslik va o‘quv qo‘llanmasi taqdim etildi.

Uchrashuv doirasida Xiromichi Otomo tashkilotning O‘zbekiston bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini alohida ta’kidladi.

“Tashkilotimiz dunyoning turli mamlakatlarida yapon tilini o‘rganayotganlarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatib keladi. Toshkent davlat agrar universitetidan o‘quv adabiyotlarini xarid qilish uchun grant ajratish bo‘yicha murojaat kelib tushganidan so‘ng, universitetga mazkur darsliklarni taqdim etishga qaror qildik. Ushbu kitoblardan foydalanish orqali talabalar Yaponiya haqida yanada ko‘proq bilimga ega bo‘lishlari hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shishlariga umid qilamiz”, — dedi Xiromichi Otomo.

Uning qayd etishicha, tashkilot kelgusida O‘zbekistondagi boshqa yapon tili ta’limi muassasalarining ham darsliklarga bo‘lgan ehtiyojini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlariga ega. Buning uchun manfaatdor ta’lim muassasalari tegishli dasturlarda ishtirok etish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, yapon tilini o‘qitish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonning olis hududlarida yapon tili o‘qitiladigan ta’lim muassasalarini darsliklar va o‘quv materiallari bilan ta’minlash, o‘zbekistonlik yosh olimlar va yapon tili o‘qituvchilarining tashkilot stipendiyalari hamda malaka oshirish dasturlarida ishtirokini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.

“The Japan Foundation” 1972-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Yaponiyaning xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishga ixtisoslashgan yetakchi tashkiloti hisoblanadi. U xorijiy mamlakatlarda yapon tilini o‘qitish, madaniy almashinuv, ilmiy-ta’limiy loyihalar va xalqaro hamkorlik tashabbuslarini grant asosida qo‘llab-quvvatlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish