O‘zbekiston va Iroq savdo-investitsiya yo‘nalishida yangi loyihalarni belgilab oldi
Sentabr 23, 2026. 14:30 • 2 daq
• 88
BAG‘DOD, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Iroq poytaxtida O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusovning mamlakat rasmiylari bilan qator uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida tomonlar savdo va transport logistikasi, konsullik hamkorligi va shartnomaviy-huquqiy baza masalalarini muhokama qildi.
Iroq savdo vaziri Mustafa Nazar Jumaa bilan muzokaralarda asosiy e’tibor o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish va tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarga qaratildi.
Tomonlar Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishish hamda Bag‘dod va Erbil shaharlarida O‘zbekiston savdo uylarini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, Iqtisodiy va savdo hamkorligi bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo qo‘mitaning birinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, 2027-yil 23–29-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadigan 50-Bag‘dod xalqaro yarmarkasida O‘zbekistonning milliy pavilyon bilan ishtirok etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Iroq tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muhammad Bahrul Ulum bilan uchrashuvda tomonlar oliy darajadagi tashriflar almashinuvi, siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish va konsullik hamkorligini kengaytirish xususida fikr almashdi.
Xususan, O‘zbekiston fuqarolarining Iroq elektron viza tizimidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqish, vakolatli idoralar o‘rtasida konsullik masalalarini hal etishni tezlashtirish taklif etildi.
Alohida muzokaralar investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish hamda xalqaro tashishlar to‘g‘risidagi bitimlar loyihalariga bag‘ishlandi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning eksport-import yuklari uchun Umm-Qasr portidan foydalanish va tashqi savdo uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni o‘zaro tan olish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuvlar yakunida ishtirokchilar tegishli idoralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish va erishilgan kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi