O‘zbekiston va Slovakiya Yevropa sertifikatlash tizimi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda
Iyul 03, 2026. 12:00 • 2 daq
• 154
BRATISLAVA, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Slovakiya vakillari onlayn formatda sifat infratuzilmasini rivojlantirish hamda bozor nazoratini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida slovakiyalik mutaxassislar samarali sifat infratuzilmasi iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, mahsulot va xizmatlar xavfsizligini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar. Shuningdek, standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya tizimlarining o‘zaro uyg‘un faoliyati iqtisodiy barqarorlikning muhim omillaridan biri ekani qayd etildi.
Muzokaralarda standartlarning korxonalar raqobatbardoshligini oshirishdagi o‘rniga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, milliy va xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarish mahsulot sifati va xavfsizligini yuksaltirish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda korxonalarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tomonlar bozor nazoratining asosiy tamoyillarini ham muhokama qildilar. Jumladan, tavakkalchilikka asoslangan yondashuv, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarning masʼuliyati, shuningdek, isteʼmolchilarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini xavfli mahsulotlardan himoya qilish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar samarali sifat infratuzilmasi va bozor nazorati aholi xavfsizligini taʼminlash, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini yuksaltirish va eksportni rivojlantirishning muhim sharti ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga, davlat idoralari, biznes hamjamiyati va muvofiqlikni baholash tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati qayd etildi.
Tadbir so‘ngida mahsulot xavfsizligi, sifati va uning meʼyoriy talablarga muvofiqligini baholashning sakkizta asosiy modulini (A–H) o‘z ichiga olgan Yevropa sertifikatlashtirish tizimining modul yondashuvi bo‘yicha navbatdagi seminar-treningni o‘tkazishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi