O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi yakunlandi

Iyul 03, 2026. 17:26 • 2 daq

9
O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi yakunlandi

TOSHKENT, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar bugun yakuniga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Shota Rustaveli nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze kuzatib qo‘ydi.

Tbilisi shahrida O‘zbekiston yetakchisi Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili va Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston – Gruziya do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yana-da mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirishning muhim masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Bundan tashqari, ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami almashildi.

Orbeliani saroyida O‘zbekiston yetakchisiga Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Tbilisi shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Davlat tashrifi yakunlangach, O‘zbekiston Prezidenti Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish