O‘zbekiston va Rossiya oliy taʼlim muassasalari arxitektura sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
Iyul 03, 2026. 17:00 • 2 daq
• 11NOVOSIBIRSK, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Novosibirsk davlat arxitektura-qurilish universiteti (SIBSTRIN) o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida birinchi kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida SIBSTRIN hamda O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar akademik va ijodiy almashinuvlarni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma taʼlim loyihalarini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Rejaga muvofiq, navbatdagi amaliy safarlar Toshkent, Buxoro va Xiva shaharlarini qamrab oladi hamda “Arxitektura”, “Arxitektura merosini rekonstruksiya qilish va restavratsiyalash”, “Dizayn va sanʼat” kabi taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladi.
Muzokaralar chog‘ida, 2026-yil sentyabr oyida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining olti nafar professor-o‘qituvchi va talabalaridan iborat delegatsiyasini Novosibirsk shahriga taklif etish tashabbusi ilgari surildi. Tashrif doirasida tajriba almashish, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish hamda o‘zbekistonlik talabalarning badiiy ishlari va arxitektura eskizlari taqdimotini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, SIBSTRIN professor-o‘qituvchilari Bosh konsulxonaning 2026-yil oktyabr–noyabr oylarida universitet talabalari va o‘qituvchilarining Toshkent, Buxoro va Xiva shaharlariga ikkinchi ijodiy safarini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston boy tarixiy-madaniy merosi, betakror meʼmoriy yodgorliklari va mamlakatda kechayotgan jadal yangilanish jarayonlari tufayli universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun katta qiziqish uyg‘otayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, SIBSTRINda talabalarning Samarqand shahrida may oyida o‘talgan sayyor amaliy mashg‘ulotlar yakunlari bo‘yicha yaratgan ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etilgani qayd etildi. Ekspozitsiyadan Go‘ri Amir, Bibixonim, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi tarixiy obidalar, qadimiy Samarqandning zamonaviy qiyofasi aks etgan asarlar o‘rin olgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


