O‘zbekiston va Belarus to‘qimachilik sanoatida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi
Avgust 13, 2026. 17:30 • 2 daq
• 120
MINSK, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Nuriddin Mamajonov, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya hamda Belarusning “Bellegprom” konserni raisi Nadejda Lazarevich ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida ikki tomonlama savdo va xomashyo kooperatsiyasini kengaytirish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.
Tomonlar to‘qimachilik xomashyosini qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish, yangi qo‘shma sanoat tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tdi.
Muzokaralarda onlayn ravishda qatnashgan mahalliy va o‘zbek korxonalari rahbarlari to‘qimachilik sohasi bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Xususan, “Svіtanak”, “8 Marta”, “Groniteks”, “Mogoteks” kabi Belarus kompaniyalari sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Belarus yengil sanoatining asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Suhbat davomida savdo operatsiyalari, sanoat integratsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish jarayoni borasidagi masalalar ham muhokama qilindi.
Belarus korxonalarining imkoniyatlari, mutaxassislar tajribasi va Samarqand viloyatining boy xomashyo bazasi ikki davlatning ichki ehtiyojlarini qondirish hamda raqobatbardosh mahsulotlar bilan uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratadi.
Uchrashuv davomida tomonlar qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ishtirokchilar belgilangan loyihalar bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar qatʼiy nazoratga olinishini alohida taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi