O‘zbekistonlik hunarmandlar Londondagi xalqaro haftalikda qatnashishni rejalashtirmoqda
Avgust 13, 2026. 15:00 • 2 daq
• 131
LONDON, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov, “London Craft Week” tashkiliy qo‘mitasi vakili Ariana Ankakrona-Keyn hamda Buyuk Britaniyadagi O‘zbek madaniyati elchisi Shaxina Mirjonova ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqot davomida 2027-yil 11–17-may kunlari Londonda bo‘lib o‘tadigan “London hunarmandlar haftaligi” (London Craft Week) xalqaro haftaligida o‘zbek hunarmandlarining ishtiroki va tashkiliy masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning boy hunarmandchilik anʼanalari, milliy amaliy sanʼat namunalarini xalqaro maydonda keng namoyish etish, o‘zbek ustalarining nufuzli festival doirasidagi ishtirokini yuqori saviyada tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirish, tadbirda ishtirok etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni birgalikda ishlab chiqish va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldi.
“London hunarmandlar haftaligi” har yili o‘tkaziladigan xalqaro festival bo‘lib, u anʼanaviy hunarmandchilik va zamonaviy dizayn namunalarini namoyish etishga bag‘ishlangan. Festival doirasida ko‘rgazmalar, mahorat darslari, ochiq studiyalar, maʼruzalar va taqdimotlar tashkil etiladi.
Uchrashuvlarda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan taniqli hunarmandlar, dizaynerlar, galereya va muzeylar vakillari hamda yetakchi brendlar ishtirok etadi.
Mazkur tadbir madaniy merosni asrab-avaylash, innovatsion yondashuvlarni rag‘batlantirish va xalqaro ijodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydon hisoblanadi. Joriy 2026-yilda o‘tkazilgan festivalda 35 ta mamlakatdan 1000 dan ziyod hunarmand va ijodkor qatnashgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi