O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmon ayollari qo‘shma loyihalar bo‘yicha fikr almashdi
Avgust 14, 2026. 09:00 • 2 daq
• 105
GUANCHJOU, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmon ayollari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda tadbirkor xotin-qizlar, “Guangxi Women Enterprises Chamber”, O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi, Iqtisodiy hamkorlik uyushmasi vakillari hamda qator mahalliy kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Guansi tadbirkor ayollar palatasi raisi o‘rinbosari, “Guangxi Yongjiang Food Industrial” kompaniyasi rahbari Van Michinning ta’kidlashicha, ushbu uchrashuv ikki tomon ishbilarmon ayollari uchun biznes hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochadi va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Muloqot chog‘ida tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, madaniyat, turizm, ta’lim, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro tajriba almashishga kelishib oldi.
Amaliy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida “Guangxi Women Enterprises Chamber”, O‘zbekistonning “Tadbirkor ayol” va Iqtisodiy hamkorlik uyushmalari o‘rtasida tegishli bitim loyihasini ishlab chiqish belgilandi.
2009-yilda tashkil etilgan Guansi tadbirkor ayollar palatasi tarkibida 3200 dan ortiq kompaniya mavjud. Korxonalar faoliyati mashinasozlik, biotexnologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ko‘chmas mulk, savdo va investitsiyalar, oziq-ovqat sanoati, taʼlim hamda mehmonxona biznesi kabi 20 dan ortiq yo‘nalishni qamrab oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi