NATO shtab-kvartirasida O‘zbekistonning boy madaniy merosi namoyish qilindi
Iyun 07, 2026. 14:57 • 3 daq
• 121MONS, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning Mons shahridagi NATOning Birlashgan qo‘shinlari Bosh qo‘mondonligining Operatsiyalar bo‘yicha shtab-kvartirasi (SHAPE)da ushbu tashkilotga a’zo va sherik davlatlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“NATO sherik davlatlari kuni – 2026” doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirning asosiy maqsadi NATOga a’zo va sherik davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning qadimiy tarixi, boy madaniyati va turistik imkoniyatlarini keng jamoatchilikka targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilar o‘zlarining boy madaniy merosi, turistik salohiyati, milliy an’analari, hunarmandchiligi hamda milliy taomlarini namoyish etdi.
Ushbu tadbir NATO doirasidagi eng muhim madaniy an’analardan biri bo‘lib, 2005-yildan buyon har yili Mons shahrida muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Bu galgi tadbirda 20 dan ortiq davlat vakillari qatnashdi. Uchrashuvga NATO bosh qarorgohi hamda uning tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan 300 nafarga yaqin harbiy xizmatchi, xodim va ularning oila a’zolari mehmon sifatida tashrif buyurdi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan SHAPE boshlig‘i o‘rinbosari, Harbiy hamkorlik direktorat boshlig‘i admiral Yusuf Karagyule ko‘p millatli tuzilmalarda bunday madaniy uchrashuvlar do‘stona aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. U, shuningdek, bu kabi tadbirlar turli xalqlarning milliy qadriyatlari, madaniyati, hayot tarzi va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish, o‘zaro hurmat va ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Admiralning ma’lum qilishicha, NATO hozirgi kunda 35 davlat bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ulardan 27 tasi SHAPEda o‘z vakillarini akkreditatsiya qilgan, 20 ta davlat esa ushbu shtab-kvartirada doimiy ofisga ega. Joriy yilgi tadbirda aynan shu 20 ta hamkor davlat milliy stendlari orqali o‘z ishtirokini namoyon etdi.
Shu bilan birga, Yusuf Karagyule NATOning madaniy hayotida hamkor davlatlarning faol ishtirokini yuksak baholab, ularga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston milliy pavilyoni ishtirokchilarning katta qiziqishini uyg‘otdi. Mehmonlarga yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosini aks ettiruvchi fotosuratlar, xalq hunarmandlari tomonidan yaratilgan buyumlar hamda an’anaviy xalq hunarmandchiligi namunalari namoyish etildi.
Mehmonlarga O‘zbekistonning sayyohlik, madaniy va tarixiy salohiyati haqida ma’lumot beruvchi broshyuralar, bukletlar va flayerlar tarqatildi. Bu esa ularda yurtimiz haqida yanada to‘liq tasavvur hosil qilishga yordam berdi.
Gastronomik qism doirasida mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari ham tortiq etildi. Mazkur taomlar ishtirokchilarda o‘zining xilma-xilligi, betakror ta’mi va milliy xususiyatlari bilan katta taassurot qoldirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


