BMTda O‘zbekistonning barqaror urbanizatsiya va uy-joy siyosatini rivojlantirish borasidagi tajribasi taqdim etildi

Iyul 20, 2026. 09:00 • 2 daq

276
BMTda O‘zbekistonning barqaror urbanizatsiya va uy-joy siyosatini rivojlantirish borasidagi tajribasi taqdim etildi
BMTda O‘zbekistonning barqaror urbanizatsiya va uy-joy siyosatini rivojlantirish borasidagi tajribasi taqdim etildi

NYU-YORK, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Yangi shahar kun tartibini amalga oshirishning oraliq sharhiga bag‘ishlangan BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ishtirok etdi. U xalqaro hamjamiyatga mamlakatimizda barqaror shaharsozlik, uy-joy siyosati va infratuzilmani modernizatsiya qilish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini taqdim etdi.

Sherzod Kudbiyev o‘z nutqida urbanizatsiya O‘zbekiston uchun nafaqat shaharlarning kengayish jarayoni, balki iqtisodiy rivojlanish, aholi hayot sifatini oshirish va fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratishning muhim vositasi ekanligini taʼkidladi.

Uning qayd etishicha, mamlakatda urbanizatsiya darajasi 40 foizdan 51 foizga ko‘tarildi va bugungi kunda O‘zbekistonning 39 million nafar aholisidan qariyb 20 millioni shaharlarda istiqomat qilmoqda. Uzoq muddatli rejalarga muvofiq, 2040-yilga borib bu ko‘rsatkich 65 foizga yetishi lozim.

Uy-joy sohasini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilishicha, 2016-yildan buyon yillik uy-joy qurilishi hajmi 10 barobarga oshdi. So‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatda qariyb 120 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, 540 mingdan ortiq oila imtiyozli ipoteka va uy-joy subsidiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Forumda, shuningdek, “yashil”, “aqlli” va xavfsiz shahar tamoyillari asosida barpo etilayotgan “Yangi Toshkent” loyihasi namoyish etildi. Ushbu loyiha barqaror shaharsozlikni rejalashtirishga bo‘lgan yangicha yondashuvning yaqqol namunasi sifatida baholandi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi BMT-Xabitat (BMTning inson uy-joylari bo‘yicha dasturi) va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish, 2030-yilda O‘zbekistonda Butunjahon shaharlar forumini (WUF15) o‘tkazish, shuningdek, Toshkent shahrida BMT-Xabitat vakolatxonasini ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning uy-joy xo‘jaligi va yerdan foydalanish sohasidagi yangi Mamlakat sharhini tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. BMT vakillari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, barqaror shaharsozlik yo‘nalishidagi hamkorlikni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish