YUNESKO O‘zbekistonning Toshkent modernistik meʼmorchiligi Jahon merosi ro‘yxatiga kiritish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi
Iyul 20, 2026. 13:00 • 2 daq
• 289
PARIJ, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning YUNESKOdagi Doimiy vakolatxonasi vakillari tashkilot Bosh direktorining madaniyat bo‘yicha o‘rinbosari Naif Al-Fayoz bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va YUNESKOning madaniyat sohasidagi qo‘shma tashabbuslarining amalga oshirilishi hamda bu yo‘nalishdagi kelgusi vazifalar muhokama qilindi. O‘zbekistonning “Toshkent modernistik meʼmorchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va anʼanalar” nomli nominatsiya hujjatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Naif Al-Fayoz O‘zbekistonning madaniy merosini, xususan, Toshkent modernistik meʼmorchiligi obyektlarini saqlash borasidagi saʼy-harakatlarini alohida eʼtirof etdi. Uning fikricha, poytaxtning meʼmoriy durdonalarini xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilishi shahar nufuzini yuksaltirishga va yana-da ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda bo‘lib o‘tgan 43-sessiyasi ochilishida ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish, jumladan, tashkilot Ijroiya kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni saqlash chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini tayyorlash hamda ushbu mavzuda xalqaro simpozium o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.
YUNESKO vakili ushbu tashabbuslarning dolzarbligini taʼkidlab, Xivadagi simpozium yakunlari tashkilotga aʼzo davlatlar uchun amaliy mexanizmlar va tavsiyalar ishlab chiqishga yordam berishiga ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, Naif Al-Fayoz O‘zbekistonning 2027-yilda Buxoro shahrida YUNESKOning Ijodkor shaharlar tarmog‘i yillik anjumanini o‘tkazish bo‘yicha arizasini ijobiy baholab, tarmoqqa aʼzo shaharlar uni qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida YUNESKO Bosh direktori o‘rinbosari tashkilot 2026-yil aprel oyida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi