Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari gala-konsert bilan yakunlandi
Iyul 29, 2026. 10:00 • 2 daq
• 47CHO‘LPONOTA, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Kecha Issiqko‘l viloyatining Cho‘lponota shahridagi “Dordoy Nomad” etnomajmuasida Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligining xabar berishicha, gala-konsertda Qirg‘iziston madaniyat vaziri Mirbek Mambetaliyev, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, ikki mamlakatning rasmiy vakillari, madaniyat arboblari, mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi.
Gala-konsertda tomoshabinlar qarshisida O‘zbekiston Davlat simfonik orkestri, “Navbahor” va “Umut” raqs ansambllari, shuningdek, o‘zbek estradasining taniqli xonandalari o‘z sanʼatlarini namoyish etdi.
“Kabar”ning yozishicha, O‘zbekiston madaniyat vaziri, Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning chiqishi kechaning eng yorqin voqealaridan biri bo‘ldi. U o‘zining mashhur qo‘shiqlarini, jumladan, qirg‘iz tilida ham ijro etib, tomoshabinlarning gulduros olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Konsert dasturi qirg‘iz va o‘zbek xalqlarining madaniy yaqinligini, ularning ko‘p asrlik do‘stligi va birodarlik rishtalarini namoyon etdi, deya taʼkidladi agentlik. Xalq kuylari va zamonaviy asarlarning uyg‘unligi bayramona muhit yaratib, madaniyat ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim vosita ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







