O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Al-Azharda malaka oshirdi

Iyul 30, 2026. 09:30 • 2 daq

159
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Al-Azharda malaka oshirdi
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Al-Azharda malaka oshirdi
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Al-Azharda malaka oshirdi

QOHIRA, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Misrdagi Al-Azhar xalqaro imom va voizlar tayyorlash akademiyasida malaka oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya aʼzolari ikki haftalik o‘quv dasturi davomida misrlik islomshunos olimlar bilan arab tilini o‘rganish, taʼlim tizimida innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish, islomshunoslik yo‘nalishidagi yangi yondashuvlar va ko‘nikmalar xususida fikr-mulohazalar almashdi.

Malaka oshirish kurslari doirasida Al-Azharda faoliyat yurituvchi taniqli imomlar tomonidan maʼruzalar tashkil etildi. Xususan, professor Ahmad at-Tayyib turli mamlakatlardan kelgan ulamolar, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro ilmiy-akademik hamkorlikni mustahkamlash borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Dastur davomida arab tilini o‘qitishning zamonaviy strategiyalari, ilg‘or pedagogik yondashuvlar va til ko‘nikmalarini amaliyotga samarali tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan maʼruzalar, amaliy mashg‘ulotlar hamda seminarlar ham o‘tkazildi.

O‘quv dasturi so‘nggida Al-Azhar xalqaro akademiyasi prezidenti, professor Hasan as-Sag‘ir hamda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakili tinglovchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi va faolligini yuqori baholab, ushbu kurs xalqaro miqyosda ilmiy va daʼvat salohiyatini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Uchrashuvda kurs davomida tayyorlangan eng yaxshi amaliy loyihalar mualliflari alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilariga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish