Madridda O‘zbekiston va Ispaniyaning eng yirik injiniring-konsalting kompaniyalaridan biri bilan hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Iyul 14, 2026. 15:00 • 2 daq

134
Madridda O‘zbekiston va Ispaniyaning eng yirik injiniring-konsalting kompaniyalaridan biri bilan hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

MADRID, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Ispaniyaning muhandislik, arxitektura va konsalting sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniyasi – “IDOM” vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish istiqbollari xususida fikr almashildi.

Ispaniya kompaniyasi Jahon banki bilan hamkorlikda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi buyurtmasiga asosan, Samarqand viloyatini 2040-yilgacha rivojlantirish loyihasini taqdim etdi. Qiymati 51 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha hududning yana-da rivojlanishi, turizm, transport, logistika va sanoat tizimlarini modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi.

Shu bilan birga, kompaniya Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks reja ishlab chiqmoqda. Ushbu loyihalarda hududning 3D-modeli va zamonaviy GIS-platformasini o‘z ichiga olgan raqamli modelini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“IDOM” rahbariyati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilgan qulay investitsiya muhitini yuqori baholadi. Kompaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi strategik sherik sifatida ko‘rayotgani va tez orada mamlakatda o‘z vakolatxonasini ochishini maʼlum qildi.

Bundan tashqari, istiqbolli loyihalarni muhokama qilish jarayonida ispaniyalik mutaxassislar O‘zbekistonda suv taʼminoti tizimini raqamlashtirish, intellektual texnologiyalarni joriy etish va zamonaviy issiqxona majmualarini barpo etish yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirdi.

Uchrashuv so‘nggida joriy yil oxirida “IDOM” rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan sheriklik loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish