Venada giyohvand moddalar bo‘yicha komissiyaning 69-sessiyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi giyohvandlikning oldini olish, giyohvandlarni davolash va reabilitatsiya qilish sohasidagi tajribasini taqdim etdi
Mart 13, 2026. 16:15 • 2 daq
• 96
VENA, 14-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori o‘rinbosari Jobir Azimov boshchiligidagi delegatsiya 9-12-mart kunlari Venada bo‘lib o‘tgan BMTning Narkotik moddalar bo‘yicha komissiyasining 69-sessiyasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sessiya doirasida O‘zbekiston vakillari komissiyaning yalpi majlislarida so‘zga chiqib, xalqaro narkosiyosatni amalga oshirish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda global hamkorlikni mustahkamlash va sintetik giyohvand moddalar tarqalishi bilan bog‘liq yangi tahdidlarga qarshi kurashish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi giyohvandlikning oldini olish, giyohvandlarni davolash va reabilitatsiya qilish, shuningdek, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasidagi mamlakat tajribasini taqdim etib, xalqaro narkologiya siyosatining dolzarb masalalarini muhokama qilishga faol hissa qo‘shdi.
10-mart kuni O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik: O‘zbekistondagi samarali loyihalar va sheriklik namunalari” mavzusida xalqaro qo‘shimcha tadbir (sayd-ivent) tashkil etildi.
Tadbirda xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar va BMTga aʼzo davlatlar vakillari ishtirok etdi. Muhokama chog‘ida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) loyihalarini amalga oshirishning amaliy misollari taqdim etildi, shuningdek, transmilliy narkojinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro sheriklikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash uchun Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi