Logo

O‘zbekiston elchisi G‘arbiy Bengaliya ishbilarmon doiralari vakillari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

Mart 11, 2026. 12:41 • 3 daq

166
O‘zbekiston elchisi G‘arbiy Bengaliya ishbilarmon doiralari vakillari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

KOLKATA, 11-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Kolkata shahrida G‘arbiy Bengaliya shtatida faoliyat yuritadigan Hindistonning yetakchi kompaniya va tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati taqdimotiga, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qilishga qaratildi.

Elchi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi yangilanish jarayoni hamda mamlakatimizning tashqi aloqalari izchil kengayib borayotganiga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Xorijiy kompaniyalar va investorlar uchun yaratilgan qulay va jozibador sharoitlarga alohida urg‘u berildi.

So‘nggi yillarda barqaror ijobiy dinamikani namoyish etayotgan O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarda savdo-iqtisodiy sheriklik ustuvor yo‘nalish ekani qayd etildi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,3 milliard dollardan oshgani buning tasdig‘i bo‘ldi. Bu ikki davlat rahbarlari - Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modi tomonidan belgilab berilgan strategik vazifaning amaliy ijrosidan dalolat beradi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun to‘qimachilik sanoati, energetika, kon-metallurgiya va kimyo tarmoqlari, qurilish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot va raqamli texnologiyalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildi.

Hindistonlik sheriklar uchun investitsiya imkoniyatlari taqdimoti tashkil etildi. Unda O‘zbekistonning erkin iqtisodiy zonalarida taqdim etilayotgan sharoitlar, amaldagi soliq imtiyozlari va preferensiyalar, shuningdek, sarmoyadorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar atroflicha yoritildi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorga, balki Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga ham to‘siqsiz chiqish imkoniyatiga ega ekanligi taʼkidlandi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining GSP+ dasturi benefitsiari maqomi O‘zbekistonda mahalliylashtirilgan ishlab chiqarish korxonalari uchun Yevropa bozorlariga chiqishda keng imkoniyatlar ochadi.

Turizm sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Yaqin istiqbolda sayyohlar oqimini 20 million kishiga yetkazishni maqsad qilgan O‘zbekiston Hindistonni sayohatchilarni jalb qilish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rmoqda. Hindistonlik turistlar uchun oilaviy, MICE va to‘y turizmi ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Elchixona tomonidan taqdim etilgan taqdimot materiallari va maʼlumotlar uchrashuv ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Interaktiv “savol-javob” sessiyasi Hindiston biznesi vakillariga O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yuritishning amaliy jihatlari bo‘yicha batafsil tushunchalar olish imkonini berdi.

Uchrashuv yakunida Hindiston kompaniyalari joriy yil 16-19-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish