Logo

Toshkent va Panjob viloyatlari o‘rtasida birodarlik va hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

Mart 13, 2026. 09:00 • 2 daq

200
Toshkent va Panjob viloyatlari o‘rtasida birodarlik va hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

LAHOR, 13-mart. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonning Lahor shahriga amaliy tashrif bilan bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya safari davomida mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida uchrashuvlar Pokiston sobiq bosh vaziri “Pokiston musulmon ligasi – N” partiyasi yetakchisi Navaz Sharif hamda Panjob viloyati bosh vaziri Maryam Navaz bilan o‘tkazildi. Navaz Sharif O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni va Samarqandning boy madaniy merosini yuksak baholadi, shuningdek O‘zbekiston va uning prezidenti bilan bo‘lgan hamkorlik aloqalariga ishonch bildirdi.

Panjob viloyati bosh vaziri Maryam Navaz O‘zbekistonni ishonchli va do‘stona hamkor sifatida ta’riflab, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, hududlararo sheriklikni kengaytirish va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Shuningdek, turizm, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, go‘shtni qayta ishlash, salqin ichimliklar ishlab chiqarish va sitrus mahsulotlari yetishtirish kabi sohalarda hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘zbekiston diplomatlari Pokiston bilan farmatsevtika, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Panjob va Toshkent viloyatlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish rejalashtirildi. Bu tashabbus O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash, yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochish va savdo hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish