“Business Central Asia” jurnali: O‘zbekistonning tarixiy merosi va zamonaviy taraqqiyoti mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirmoqda

Oktabr 06, 2026. 11:00 • 2 daq

• 47

DЕHLI, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Hindistonning nufuzli “Business Central Asia” jurnalining O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus soni nashr qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda e’lon qilingan maqolalarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy salohiyat, raqamli transformatsiya, turizm imkoniyatlari, ochiq tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Maqolalar mualliflari O‘zbekistonning bugungi qiyofasi boy tarixiy-madaniy merosning jadal iqtisodiy o‘sish, texnologik yangilanishlar hamda biznes va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar bilan uyg‘unlashuvi asosida shakllanayotganini ta’kidlagan.

2016-yilda boshlangan iqtisodiy islohotlar natijalariga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, soliq tizimining takomillashtirilishi, davlat korxonalarining xususiylashtirilishi, maxsus iqtisodiy zonalarning rivojlantirilishi, davlat raqamli xizmatlari ko‘lamining kengaytirilishi hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari tahlil qilingan.

Maxsus sonning asosiy qismi O‘zbekiston-Hindiston hamkorligiga bag‘ishlangan. Materiallarda ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilgani va savdo-iqtisodiy aloqalarning yuksalishi alohida qayd etilgan.

Jurnalda yozilishicha, 2025-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 33 foizga ortib, 1,3 milliard dollarni tashkil etgan. O‘zbekistonda hind kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalari portfeli 7 milliard dollardan oshgan.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, geologiya, tog‘-kon sanoati, atom energetikasi kabi sohalardagi sheriklik istiqbollariga alohida urg‘u berilgan.

Nashrda O‘zbekistonning tarixiy merosi va zamonaviy taraqqiyot jarayonlari davlatning yangi qiyofasini yaratayotgan yurt sifatida ifoda etilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy ilm-fan va madaniyat markazlari bilan bir qatorda, zamon bilan hamnafas, taraqqiyot bilan uyg‘unlashgan maskanlar haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab bugungi kunda ham mahsulotlar, texnologiyalar, bilim va inson kapitali almashinayotgani qayd etilgan. Mazkur maxsus son hind auditoriyasining Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar, O‘zbekiston-Hindiston strategik sherikligining kelgusi istiqbollari haqidagi tasavvurlarini yanada boyitishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish