Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyada bo‘lib o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga tabrigi

Oktabr 05, 2026. 14:55 • 4 daq

• 15
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyada bo‘lib o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga tabrigi

(2026-yil 5-oktabr, Toshkent sh.)


Hurmatli sportchi va murabbiylar!

Qadrli farzandlarim!

Siz, azizlarni Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida bo‘lib o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tom ma’noda tarixiy natijalarni qo‘lga kiritganingiz bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurtimizga yorug‘ yuz, yorqin g‘alabalar bilan qaytib kelganingiz muborak bo‘lsin!

Sizlar Osiyo mintaqasining 45 davlatidan 11 mingga yaqin sportchi ishtirok etgan, g‘oyat keskin kurashlar ostida o‘tgan ushbu nufuzli musobaqada chinakam mahorat, jasorat va matonat fazilatlarini namoyon etib, mamlakatimiz sporti tarixida yana bir buyuk sahifa ochdingiz.

Milliy terma jamoamiz 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medal bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindiston bilan birga qit’amizning eng kuchli beshligi safidan joy olgani Yangi O‘zbekistonning sport sohasidagi ulkan salohiyatidan, mard va bahodir farzandlarimizning qanday ulug‘ ishlarga qodir ekanidan dalolatdir.

Bu, hech shubhasiz, barchamizga, ko‘p millatli xalqimizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston ushbu o‘yinlarda Markaziy Osiyo va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari orasida birinchi o‘rinni egallagani ham tahsinga sazovor.

Dastlab Abdulvahob Rashidov karate, Shohsanam Sherzodova kanoeda eshkak eshish va O‘tkirbek Jo‘rayev sport gimnastikasi bahslarida Osiyo o‘yinlaridagi ilk oltin medallarimizni olgani terma jamoamiz a’zolarini yuksak marralar sari ruhlantirdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yengil atletikachimiz Suhrob Xo‘jayev bosqon uloqtirish yo‘nalishida Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbek sportchisi bo‘ldi.

Yana bir yengil atletikachimiz Sharifa Davronova, bokschimiz Abdumalik Xalokov ikki karra, badiiy gimnastikachimiz Taxmina Ikromova uch karra Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi va qit’ada tengsiz ekanini isbotladi.

Akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatida tarixiy oltin medalni qo‘lga kiritgan Shahzod Nurmatov va Sobir Safaroliyev juftligi Osiyoda ham yetakchilikni saqlab qoldi.

Mardi maydon yigit-qizlarimiz Osiyo va jahon rekordini yangilab, sport tarixiga o‘z nomlarini zarhal harflar bilan muhrlab qo‘yganlari barchamizni mamnun etadi. Jumladan, afsonaviy og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘rayev 197 kilogramm natija bilan jahon va qit’a rekordini yangilashga erishdi.

Vladimir Svechnikov O‘zbekistonga o‘q otish bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining ilk oltin medalini tuhfa qildi.

Dzyudochimiz Muzaffarbek To‘raboyev finalda yaponiyalik nomdor raqibi Ota Hyogani mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlarida ikki vazn toifasida qo‘li baland kelgan ilk chempion sifatida tarixga kirdi.

Dzyudochi yigit-qizlarimiz 2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, dzyudo vatani bo‘lgan Yaponiyadan keyin umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagani salmoqli natijadir.

Uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan milliy kurashimiz vakillari ham xalqimiz ishonchini oqladi. Ushbu sport turi bo‘yicha 6 ta oltin medalning to‘rttasi bizga nasib etgani kurashsevar xalqimizga o‘zgacha g‘urur bag‘ishladi.

Yuksak sabot va shijoat ko‘rsatgan har bir sportchimizning nomi e’tirofga, ehtiromga loyiqdir.

Mana shunday ulkan g‘alabalar tarixi, mahorat maktabini yaratayotgan, Alpomish va To‘maris vorislari bo‘lgan o‘g‘lonlarimiz va qizlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!


Aziz do‘stlar!

Osiyo o‘yinlaridagi har bir yutuq, har bir hayajonli daqiqa biz uchun o‘ziga xos bayram, zavq va quvonch ayyomi ekanini qariyb bir oy davomida barchamiz chin dildan his etdik.

Albatta, bepoyon Osiyo qit’asining o‘ziga xos Olimpiya o‘yinlari bo‘lgan ushbu musobaqalarda erishilgan yuksak natijalar o‘z-o‘zidan kelgani yo‘q. Ularning zamirida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz mujassamdir.

Fursatdan foydalanib, bizga unutilmas g‘alabalarni taqdim etgan barcha sportchilarimizga, ularning ota-onalariga, oltinga teng o‘gitlari bilan zafarlarga munosib hissa qo‘shgan jonkuyar ustoz-murabbiylarga, atletlarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab turgan ko‘p sonli muxlislarga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Sizlar Osiyo o‘yinlaridagi muzaffar yurishingiz bilan yurtimizda Olimpiya harakati yangi bosqichga ko‘tarilgani, oltin avlod shakllanganini butun dunyoga namoyon etdingiz. Zero, Yangi O‘zbekiston yoshlariga beqiyos aql-zakovat barobarida ulkan jasorat va matonat yarashadi.

Ishonchim komil, Yaponiya zaminida to‘plangan qimmatli tajriba 2028-yilda Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Sizlar sayyoramizning eng nufuzli o‘yinlariga ham albatta munosib tayyorgarlik bilan borasiz! Kelgusi faoliyatingiz ham albatta yorqin zafarlarga boy bo‘ladi!

Yangi O‘zbekistonning buyuk sport solnomasini boyitishda sizlarga hamisha yutuq va omad yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish