“Nasaf” safarda superkambek bilan g‘alaba qozondi
Noyabr 05, 2026. 12:30 • 2 daq
• 143AL-KUVAYT, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. Osiyo Chempionlar ligasi-2 musobaqasi guruh bosqichining 4-turida Qarshining “Nasaf” jamoasi safarda Quvaytning “Kuvayt SK” klubini superkambek bilan 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Nasaf” ikki kun avval Al-Kuvayt shahrida muxlislar bilan uchrashuvda ushbu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilayotgani va revansh uchun bor kuchini sarflashini ta’kidlagandi. Ular o‘z so‘zining ustidan chiqishdi.
O‘yin mezbonlar uchun muvaffaqiyatli boshlandi. Birinchi bo‘limning 27-daqiqasida Yasin Henisi hamda 34-daqiqada Muhammad Freax “Nasaf” darvozasiga gol urib, o‘z jamoasining yaqqol ustunligini ta’minladi.
Biroq ikkinchi bo‘limda “Nasaf” tashabbusni qo‘lga oldi. Bobur Abduxoliqov 57 va 67-daqiqalarda dubl qayd etib, hisobni tenglashtirdi. 81-daqiqada Oybek Rustamov g‘alaba golini kiritib, qarshiliklarga muhim uch ochkoni taqdim etdi.
Turning ikkinchi bahsida “Al-Xolidiya” safarda “Al-Vahda”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Natijada “Al-Vahda” 9 ochko bilan guruh peshqadami bo‘lib turibdi. “Kuvayt SK” 6 ochko bilan ikkinchi, “Nasaf” va “Al-Xolidiya” esa 4 ochkodan jamg‘argan.
“Nasaf” guruh bosqichining navbatdagi uchrashuvini 25-noyabr kuni Qarshida “Al-Xolidiya”ga qarshi o‘tkazadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yo‘l oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




