Yaponiyada O‘zbekiston parasportchilari 145 ta medal, o‘nlab rekordlar bilan yangi tarix yozdi
Oktabr 25, 2026. 12:30 • 3 daq
• 118AYCHI–NAGOYA, 25-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyada o‘tkazilgan V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi yuksak natijalarni qo‘lga kiritib, musobaqani tarixiy muvaffaqiyat bilan yakunladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qit’amizning 45 ta mamlakati vakillari ishtirok etgan mazkur musobaqada vakillarimiz 11 ta sport turi bo‘yicha mahorat ko‘rsatib, jami 145 ta medal – 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu natija O‘zbekiston parasporti tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Sportchilarimizning matonati, irodasi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi Vatanimiz shon-shuhratini yanada yuksaltirdi.
Musobaqada para yengil atletikachilarimiz alohida mahorat ko‘rsatib, 20 ta oltin, 21 ta kumush va 23 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. E’tiborlisi, O‘zbekiston sportchilari turli yo‘nalishlarda jahon, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu Paraosiyo o‘yinlari davomida sportchilar tomonidan 81 ta Osiyo va 27 ta jahon rekordi o‘rnatildi. Shu bilan birga, bu galgi musobaqada jami 108 ta jahon va Osiyo rekordi yangilandi. O‘zbekiston vakillari musobaqa davomida turli sport turlari bo‘yicha jahon, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarining 15 dan ortiq rekordini yangiladi va yangi rekordlar o‘rnatdi.
O‘zbekiston parasportchilarining Paraosiyo o‘yinlaridagi ishtiroki yillar davomida izchil o‘sish kuzatilganini ko‘rsatadi. Jumladan, 2010-yilgi Guanchjou o‘yinlarida terma jamoamiz 6 ta, 2014-yilda Inchxonda 31 ta, 2018-yilda Jakartada 70 ta, 2022 yilgi Xanchjou musobaqalarida esa 71 ta medal qo‘lga kiritgan edi.
Bu galgi 145 ta medal avvalgi natijalardan ancha yuqori bo‘lib, mamlakatimizda parasportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini yaqqol namoyon etdi.
Sportchilarimiz erishgan yutuqlar ular uchun yaratilgan sharoitlar, muntazam mashg‘ulotlar va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning amaliy natijasidir. Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va xalqaro maydonda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun imkoniyatlar yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
V Paraosiyo o‘yinlaridagi tarixiy natija O‘zbekiston parasportining xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini tasdiqladi. Eng muhimi, bu zafarlar kelgusi musobaqalar uchun mustahkam zamin yaratadi.
Parasportchilarimiz 2028-yilda Los-Anjelesda o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlari hamda 2030-yil Dohada bo‘lib o‘tadigan VI Paraosiyo o‘yinlarida ham yuksak natijalarga erishib, Vatanimiz bayrog‘ini yanada baland ko‘tarishiga ishonchimiz komil.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







