O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi

Sentabr 22, 2026. 11:30 • 2 daq

161
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi

AICHI-NAGOYA, 22-sentabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari musobaqaning dastlabki kunlaridayoq qator muhim natijalarni qayd etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston delegatsiyasi uchun musobaqaning dastlabki oltin medalini karatechi Abdul Vahhob Rashidov qo‘lga kiritdi. -67 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan sportchimiz saralash bosqichida gonkonglik, chorak finalda falastinlik, yarim finalda iordaniyalik raqiblarini mag‘lub etdi.

Finalda yaponiyalik Yugo Kozaki ustidan g‘alaba qozongan Abdul Vahhob Rashidov Osiyo o‘yinlari chempioniga aylanib, O‘zbekiston delegatsiyasiga musobaqadagi ilk oltin medalni taqdim etdi.

Hozircha medallar jamlanmasi bo‘yicha Xitoy peshqadam. Yaponiya va Janubiy Koreya medallar soni bo‘yicha keyingi o‘rinlarda bormoqda. O‘zbekiston 1 tadan oltin, kumush va bronza medal bilan umumiy jadvalda 9-pog‘onadan joy oldi. 2022-yil Xanchjouda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida delegatsiyamiz 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medal bilan 5-o‘rinni egallagan edi.

Bugun O‘zbekiston vakillari Osiyo o‘yinlarining 14 ta sport turida ishtirok etadi. Kun dasturidan kibersport, ushu, velosport, o‘q otish, chim ustida xokkey, qilichbozlik, sport gimnastikasi, stol tennisi, karate, sohil voleyboli, futbol, MMA, gandbol va suv polosi o‘rin olgan.

MMAda Firdavs Atamuratov va Hilola Sobirova final bahslarida ishtirok etadi. Karateda Sevinch Rahimova tatamiga chiqsa, sport gimnastikasida Dildora Aripova, Oksana Chusovitina va Aleksandra Shevchenko bahslarda qatnashadi. Shuningdek, ushu, velosport va o‘q otishda ham O‘zbekiston vakillari medallar uchun kurash olib boradi.

Sport gimnastikasi bo‘yicha saralash bahslari yakunlanib, O‘zbekistonning uch nafar vakili final bosqichiga yo‘l oldi. Dastakli ot dasturida Ravshan Komiljonov va O‘tkirbek Jo‘rayev, qo‘shpoya bahslarida esa Rasuljon Abdurahimov medallar uchun kurashadi.

O‘zbekiston ayollar futbol terma jamoasi Osiyo o‘yinlarida muhim natija qayd etib, chorak finalga yo‘l oldi. “G” guruhidagi so‘nggi turda vakillarimiz Gonkong terma jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo o‘yinlarining dastlabki bosqichidayoq medallar jadvaliga kirib, bir qator sport turlarida keyingi bosqichlarga yo‘l oldi. Oldinda esa yangi medallar uchun hal qiluvchi bahslar turibdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish