O‘zbekiston shaxmatchilari Olimpiada peshqadamlari safida
Sentabr 21, 2026. 13:00 • 2 daq
• 152SAMARQAND, 21-sentabr. /“Dunyo” AA/. Samarqandda davom etayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida 5-tur bahslari yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekistonning asosiy erkaklar jamoasi Vengriya ustidan yirik 4:0 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqadagi yetakchilik mavqeini mustahkamladi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidovdan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi 5 turdan so‘ng 10 ochko bilan Hindiston va Germaniya bilan birgalikda peshqadamlar safida bormoqda.
O‘zbekiston-2 jamoasi ham navbatdagi bahsda Filippinni 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. Jamoa 8 ochko bilan 202 ta terma jamoa orasida 17-o‘rinni egallab turibdi. O‘zbekiston-3 esa Avstriya bilan durang o‘ynab, 7 ochko jamg‘argan va 40-pog‘onadan joy olgan.
Ayollar o‘rtasida O‘zbekiston-1 AQSh bilan durang qayd etdi. O‘zbekiston-2 Tunisni 4:0, O‘zbekiston-3 esa Madagaskarni 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.
Beshinchi turdan keyin O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi 9 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 6-o‘rinda bormoqda. O‘zbekiston-2 va O‘zbekiston-3 jamoalari esa 6 ochkodan jamg‘argan.
Shaxmat muxlislarini 6-turda qiziqarli bahslar kutib turibdi. Xususan, Olimpiada peshqadamlari O‘zbekiston-1 va Hindiston grossmeysterlari 6-turda o‘zaro bellashadi. Ushbu turda g‘alaba qozongan terma jamoa g‘oliblik uchun o‘z imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





