Toshkentda o‘tkaziladigan “Plastex Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasida 11 mamlakatning yetakchi kompaniya va brendlari qatnashadi

Sentabr 21, 2026. 12:30 • 2 daq

49
Toshkentda o‘tkaziladigan “Plastex Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasida 11 mamlakatning yetakchi kompaniya va brendlari qatnashadi

TOSHKЕNT, 21-sentabr. /“Dunyo” AA/. Toshkentda 22–24-sentabr kunlari plastmassa va polimer ishlab chiqarish hamda qayta ishlash sohasida “Plastex Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qozog‘istonning “DKNews” AAning yozishicha, ushbu nufuzli ko‘rgazmada 11 mamlakatning 250 dan ortiq kompaniya va brendlari ishtirok etadi.

Xususan, Avstriya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Xitoy, Latviya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va O‘zbekiston ishbilarmonlari ko‘rgazmada o‘z mahsulotlarini namoyish qiladi. Ko‘rgazma “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasining 1-, 2- va 3-pavilonlari hamda “Atrium 2” zalida o‘tkaziladi.

Ekspozitsiyada plastmassa ishlab chiqarish va qayta ishlash uskunalari, polimer xomashyosi va qo‘shimchalar, press-qoliplar, periferik uskunalar, avtomatlashtirish, qadoqlash va qayta ishlash yechimlari namoyish etiladi.

Xorijiy ishtirokchilar orasida Germaniyaning “Koenig & Bauer Kammann GmbH”, Italiyaning “Definitive Innovation” va “PLAS MEC”, Turkiyaning “TERMOKAR MAKİNA” kompaniyalari bor. O‘zbekistondan termoelastoplastlar ishlab chiqaruvchi “NOVOPLAST TPE” korxonasi qatnashadi.

“Plastex” bilan bir vaqtda poligrafiya, qadoqlash, plastmassalar, polimerlar va neft-kimyo yo‘nalishidagi “4P Central Asia” ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tadi. Bunday format ishtirokchilarga ishlab chiqarish zanjirini yagona maydonda taqdim etish imkonini beradi.

Ko‘rgazma asosan B2B auditoriyaga mo‘ljallangan bo‘lib, uskunalar ishlab chiqaruvchilar, xomashyo yetkazib beruvchilar, qayta ishlovchilar, muhandislar va korxonalar vakillari uchun muzokaralar maydoniga aylanadi.

“Plastex Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi xalqaro ishlab chiqaruvchilarning O‘zbekiston sanoat bozoriga hamda yetkazib berish, texnologik hamkorlik va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rivojlantirish imkoniyatlariga qiziqishi ortib borayotganini aks ettiradi.

Ko‘rgazma 22–23-sentabr kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha, 24-sentabr kuni esa 16:00 gacha ochiq bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish