O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarida medallar sonini oshirishda davom etmoqda
Sentabr 23, 2026. 12:00 • 2 daq
• 199AICHI-NAGOYA, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Osiyo o‘yinlarining 22-sentabr kungi bahslari O‘zbekiston delegatsiyasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi: kun davomida vakillarimiz uchta kumush medalga ega chiqib, umumiy medallar sonini 6 taga yetkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushu bo‘yicha bahslarda Darya Latisheva 19,413 ball jamg‘arib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu medal sportchining Osiyo o‘yinlaridagi faoliyati davomidagi uchinchi sovrini bo‘ldi.
MMA dasturida ham O‘zbekiston vakillari finalgacha yetib bordi. Ayollar o‘rtasida -60 kilogramm vazn toifasida Hilola Sobirova Singapur vakili Xui Xun Teoga qarshi kechgan hal qiluvchi bahsda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasida 60 kilogrammgacha bo‘lgan modern yo‘nalishida Firdavs Atamuradov ham musobaqani ikkinchi o‘rin bilan yakunladi.
Shu tariqa, hozircha O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida 1 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza — jami 6 ta medal mavjud. Bu natija mamlakatimizni umumiy medallar jadvalida 9-o‘ringa olib chiqdi.
Medallar jadvalini hamon Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya uchligi boshqarib turibdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-23 terma jamoasi ham musobaqani muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. “S” guruhining 3-turida vakillarimiz Vetnamni 2:0 hisobida mag‘lub etib, 9 ochko bilan guruhda birinchi o‘rinni egalladi va chorak finalga yo‘l oldi.
Osiyo o‘yinlarining bugungi dasturida O‘zbekiston sportchilari akademik eshkak eshish, velosport, o‘q otish, qilichbozlik, suzish, stol tennisi, karate, 3x3 basketbol, suv polosi, gandbol, skvosh, chim ustida xokkey, og‘ir atletika va boshqa yo‘nalishlarda ishtirok etadi.
E’tiborli bahslardan biri stol tennisida bo‘lib, aralash jamoaviy dasturda O‘zbekiston Xitoyga qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, 3x3 basketbolda ayollar jamoamiz Yaponiya bilan, suv polosida Tailand bilan, gandbolda esa Koreya Respublikasi bilan kuch sinashadi. Chim ustida xokkey bo‘yicha ayollar terma jamoasi ham mezbon Yaponiyaga qarshi bahs olib boradi.
Og‘ir atletikada Nigora Abdullayeva 53 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etadi. Karateda Gulshan Alimardonova, suzishda Parizod Abdukarimova, o‘q otishda Nigina Saidqulova hamda boshqa sportchilar mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





