Polshada Yangi O‘zbekiston islohotlari va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi e’tirof qilindi

Sentabr 19, 2026. 14:00 • 3 daq

162
Polshada Yangi O‘zbekiston islohotlari va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi e’tirof qilindi
Polshada Yangi O‘zbekiston islohotlari va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi e’tirof qilindi
Polshada Yangi O‘zbekiston islohotlari va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi e’tirof qilindi
Polshada Yangi O‘zbekiston islohotlari va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi e’tirof qilindi
Polshada Yangi O‘zbekiston islohotlari va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi e’tirof qilindi

VARSHAVA, 19-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Polshada mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan «Yangi O‘zbekiston islohotlari va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Konferensiya yurtimizning Polshadagi elchixonasi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Taraqqiyot strategiyasi markazi, Varshava universiteti, «Amicus Europae» jamg‘armasi hamda «Perspektywy» ta’lim fondi hamkorligida tashkil etildi.

Varshava universitetida o‘tkazilgan tadbirda Polshaning sobiq Prezidenti Aleksandr Kvasnevskiy, Senati vitse-marshali Mixal Tomash Kaminskiy, O‘zbekiston parlamenti vakillari, diplomatlar, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Yangi O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, ularning natijalari hamda mamlakat taraqqiyotining ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

Xususan, majburiy va bolalar mehnatiga barham berilgani, valyuta konvertatsiyasi cheklovlari bekor qilingani, propiska tizimi tugatilgani, parlament va mahalliy Kengashlarning vakolatlari kengaytirilgani qayd etildi.

Ishtirokchilar 2023-yilgi konstitutsiyaviy islohotlarni alohida ta’kidlab, yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarining huquqiy kafolatlarini sezilarli darajada kengaytirganini qayd etdi.

Konstitutsiyaviy islohot jarayonida fuqarolardan 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani va Konstitutsiya matnining 65 foizi jamoatchilik takliflari asosida yangilangani ta’kidlandi.

Iqtisodiy sohada valyuta, soliq, bojxona va investitsiya islohotlari natijalari muhokama qilinib, xorijiy investitsiyalar hajmi yiliga 40–50 milliard dollarga yetgani qayd etildi. Ijtimoiy sohada esa kambag‘allik darajasi 2017-yildagi qariyb 35 foizdan 4 foizgacha qisqargani, maktabgacha va oliy ta’lim qamrovi sezilarli oshgani ta’kidlandi.

Mehmonlarga «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining polyak tilidagi nashri taqdim etildi. Strategiya inson kapitali, ta’lim, sog‘lom turmush tarzi, iqtisodiyotni texnologik transformatsiya qilish, resurslardan oqilona foydalanish, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Polshaning sobiq Prezidenti Aleksandr Kvasnevskiy O‘zbekistondagi keng ko‘lamli modernizatsiya jarayonlari mamlakatning xalqaro ochiqligi va raqobatbardoshligini oshirayotganini alohida ta’kidladi.

Mamlakat Senati vitse-marshali Mixal Tomash Kaminskiy esa O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi ahamiyati va ochiq tashqi siyosati ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy hamda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini e’tirof etdi.

Konferensiya O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi siyosiy, parlamentlararo, akademik va ekspertlik muloqotini rivojlantirish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar tajribasini muhokama qilish hamda ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish