Jeenbek Kulubayev: Biz bundan keyin ham O‘zbekiston bilan bir yo‘ldan boramiz

Avgust 28, 2026. 08:10 • 8 daq

224
Jeenbek Kulubayev: Biz bundan keyin ham O‘zbekiston bilan bir yo‘ldan boramiz

BISHKEK, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AAga intervyu berib, O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlamoqda. O‘tgan davr davomida mamlakat ulkan taraqqiyot va o‘zgarishlar yo‘lini bosib o‘tdi. Sizningcha, mamlakatning qaysi islohotlari muhim ahamiyat kasb etdi?

– Avvalo, qirg‘iz xalqi va shaxsan o‘z nomimdan o‘zbekistonlik barcha qardoshlarni qutlug‘ shodiyona bilan chin qalbimdan tabriklayman. Joriy yil nafaqat O‘zbekiston, balki yubiley sanalarini nishonlayotgan mintaqamizning barcha davlatlari uchun ham muhim davr hisoblanadi.

Taraqqiyotning 35 yili davomida O‘zbekiston shakllanish va o‘zgarishlarning yorqin yo‘lini bosib o‘tdi. Eng muhim yutuq sifatida men Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining mustahkamlanganini qayd etgan bo‘lardim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikning zamonaviy modelini shakllantirishda asosiy me’morlardan biriga aylandi. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar yaxshi qo‘shnichilik, sheriklik va birgalikda taraqqiy etishning sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarildi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi davlat chegarasi masalalari hal etilganini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu masalalar ko‘p yillar davomida murakkab mintaqaviy muammo bo‘lib kelgan. Amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tarixga kirgan ulkan diplomatik yutuqdir. Bugun O‘zbekiston dunyoga asosiy qadriyatlari birlik, barqarorlik va inson taraqqiyoti bo‘lgan davlatning o‘ziga xos modelini ishonch bilan namoyon etmoqda.

Hozirda mamlakat yana bir o‘ziga xos tashabbus bilan olg‘a ildamlamoqda. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan “Uchinchi Renessans” deb nom olgan keng ko‘lamli islohotlardir. Mazkur konsepsiya O‘zbekistonning jahon maydoni va tarixida qayta uyg‘onishini anglatadi.

Mamlakat ta’lim va madaniyatdan tortib tashqi siyosat va iqtisodiyotgacha bo‘lgan deyarli barcha sohalarda sezilarli taraqqiyotga erishmoqda. Bugun O‘zbekiston xalqaro akademik tadqiqotlar, konferensiyalar va simpoziumlarning muhim obyektiga aylandi.

Yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida biz O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni katta mamnuniyat bilan kuzatmoqdamiz va birodar mamlakatning muvaffaqiyatlaridan chin dildan quvonamiz.

– O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida konstruktiv va jadal rivojlanayotgan hamkorlik shakllangan. Qaysi qo‘shma loyihalar, hamkorlik yo‘nalishlari muvaffaqiyatli kechmoqda va kelgusida sheriklik munosabatlari bo‘yicha rejalar qanday?

– So‘nggi yillarda Qirg‘iziston va O‘zbekiston munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalari jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi va Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi hamkorligimizning yangi darajasini belgilagan tarixiy voqea bo‘ldi.

Biz birgalikda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirmoqdamiz. U Sharq va G‘arb o‘rtasidagi transport bog‘liqligini kengaytiradi hamda butun Markaziy Osiyoning logistika konfiguratsiyasini o‘zgartiradi. Oldinda yana bir yirik loyiha – Qambarota GES-1 qurilishi turibdi. Tomonlar allaqachon milliardlab dollarlik loyihalar haqida gapira boshladi.

O‘zbek–qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasining muvaffaqiyatli faoliyatini ham alohida ta’kidlash lozim. Bugungi kungacha umumiy qiymati 100 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 37 ta loyiha ma’qullangan. Amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida qariyb 900 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Jamg‘arma to‘qimachilik sanoati, energetika, logistika, ishlab chiqarish, kommunal infratuzilma va jamoat transportini yangilash sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishidagi munosabatlarimiz ham tobora yuksalmoqda. Erkin iqtisodiy va sanoat zonalarini rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Tomonlar turli xil mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldi. O‘zbekiston kompaniyalari Qirg‘izistonda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qishloq xo‘jaligida qo‘shma klasterlar tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Eng katta istiqbolni savdo aylanmasini 3 milliard dollarga yetkazish, transport-logistika koridorlarini rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda ko‘raman.

Umumiy tariximiz va xalqlarimizning yaqinligiga asoslangan madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, madaniyat kunlari, ilmiy va ta’lim almashinuvlarini faollashtirish, ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi madaniy tadbirlar soni ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etaman.

Qirg‘izistonning Andijondagi Bosh konsulxonasini ochish rejalashtirilmoqda. Bu savdo, turizm, logistika va madaniy aloqalarni rivojlantirishga zamin yaratadi.

– O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdir. Bunday yondashuv davlatlar o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qanday hissa qo‘shadi?

– O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yondashuvini zamonaviy global chaqiriqlarga munosib javob, deb bilaman.

Geosiyosiy notinchlik, iqtisodiy beqarorlik va global iqlim o‘zgarishlari kuchayib borayotgan sharoitda mintaqaviy hamkorlik hayotiy zaruratga aylanmoqda. O‘zbekiston yetakchisining Qirg‘izistonga davlat tashrifi Markaziy Osiyoning mintaqaviy hamkorlikning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tayotganining navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi.

Agar yana bir necha yil avval mintaqa davlatlari asosan to‘planib qolgan masalalarni hal etishga e’tibor qaratgan bo‘lsa, bugun birgalikdagi infratuzilma loyihalari, transport, energetika va sanoat kooperatsiyasiga tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Bugun Markaziy Osiyo davlatlari raqobatchilar sifatida emas, balki o‘zaro hamkor va birgalikda taraqqiy etishdan manfaatdor sheriklar sifatida harakat qilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona va izchil siyosati Markaziy Osiyoning ichki dinamikasini o‘zgartirgan asosiy omillardan biri bo‘ldi. Ochiq muloqot, ishonchli va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan siyosat tufayli mintaqa o‘tmish muammolarini muhokama qilishdan uning kelajagini belgilaydigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga bosqichma-bosqich o‘tmoqda. Bunday ishonchli muhitda Yevroosiyoni o‘zaro bog‘laydigan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li kabi ulkan loyihalarni birgalikda hayotga tatbiq etmoqdamiz.

Biz BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, “Markaziy Osiyo+” formatlari va boshqa ko‘p tomonlama mexanizmlar doirasida faol hamkorlik qilmoqdamiz. Bunday yondashuv Markaziy Osiyoning barcha davlatlari manfaatlariga to‘liq mos keladi va yanada barqaror hamda o‘zaro bog‘liq mintaqani shakllantirishga xizmat qiladi.

– O‘zbekiston iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, innovatsiyalar, ta’lim, ilm-fan kabi masalalarga alohida e’tibor qaratmoqda. Yaqin yillarda ushbu sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

– Haqiqatan, O‘zbekiston barqaror rivojlanish, iqtisodiy modernizatsiya va raqamli transformatsiya sohalarida o‘sish dinamikasini namoyon etmoqda. “Uchinchi Renessans” konsepsiyasi mamlakatni ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalar markaziga aylantirishni nazarda tutadi. Eng yaqin hamkor sifatida Qirg‘iziston ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlarni ko‘rmoqda.

Barqaror rivojlanish sohasida biz tog‘ ekotizimlarini muhofaza qilish yo‘nalishida faol hamkorlik qilmoqdamiz. O‘zbekiston tomoni 2027-yilda “Bishkek+25” ikkinchi xalqaro tog‘ sammitini o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Investitsiya va iqtisodiyot sohasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjud. 28 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston–O‘zbekiston biznes-forumi doirasida qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha 16 ta hujjat imzolandi.

Yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 45 foizga o‘sib, 624,6 million dollarga yetdi. Biz tovar ayirboshlashni 3 milliard dollargacha oshirishni maqsad qilganmiz.

Raqamli transformatsiya sohasida ham allaqachon aniq natijalar mavjud. Raqamli identifikatsiya va elektron hujjat aylanishi tizimini o‘z ichiga olgan qo‘shma loyihalar joriy etilmoqda. Ikki mamlakat to‘lov tizimlari o‘rtasida yagona to‘lov ekotizimi yaratilmoqda.

Haydovchilarimiz xalqaro avtomobil yuk tashuvi uchun ruxsatnomalar almashishda “e-Permit” raqamli tizimidan faol foydalanmoqda. Chegaraoldi jamoalar hamkorligini mustahkamlash loyihasi doirasida ishlab chiqilgan “Raqamli chegara” mobil ilovasi muvaffaqiyatli ishga tushirildi.

Ta’lim, ilm-fan va inson kapitali yo‘nalishida akademik almashinuvlarni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish va kadrlar tayyorlash uchun istiqbollar mavjud. O‘zbekiston mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy drayverlaridan biri sifatidagi rolini izchil mustahkamlamoqda va biz bu jarayonda faol ishtirok etishga tayyormiz.

– Kelajakka nazar tashlasak, 10–15 yildan keyin O‘zbekistonni qanday tasavvur qilasiz? Mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash va farovonligini oshirishda qaysi omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega?

– Kelajakda O‘zbekistonni yanada kuchli, farovon va nufuzli davlat sifatida nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun turkiy va islom olamida yetakchi mamlakat sifatida tasavvur qilaman.

O‘zbekiston Yevroosiyoning qoq markazida joylashgan. Shuning uchun uning yanada rivojlanishi butun Markaziy Osiyo va turkiy olam uchun ham ulkan ahamiyatga ega. “Uchinchi Renessans” konsepsiyasi voqelikka aylanishi hamda O‘zbekiston ilm-fan, madaniyat va ma’naviyatning qayta uyg‘onish markazi sifatida jahon tarixida munosib o‘rin egallashiga ishonaman.

O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash va barqaror rivojlanishining asosiy omillarini, avvalo, ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishda ko‘raman. Aynan shu yondashuv amaliy natijalar berdi va Markaziy Osiyoning kelajagini belgilamoqda.

Iqtisodiyot, raqamli transformatsiya, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish mamlakat rivojida juda muhim. Inson kapitali, innovatsiyalar va texnologiyalarga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar uzoq muddatli farovonlikning asosi bo‘ladi.

BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama formatlar doirasida xalqaro va mintaqaviy integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etish davlatning taraqqiyotini belgilaydi. Qo‘shnilar, jumladan, Qirg‘iziston bilan hamkorlikni yuksaltirish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni saqlash o‘ziga xos davlat modeli bo‘lib, unda 130 dan ortiq millat va elat vakillari o‘zaro hurmat muhitida istiqomat qiladi.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri sifatida aytadigan bo‘lsam, biz bundan keyin ham bu yo‘lda O‘zbekiston bilan birga bo‘lamiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yanada mustahkamlanaveradi. Bu butun mintaqa farovonligi va taraqqiyoti uchun mustahkam asos yaratadi.

Yana bir bor O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Birодар qo‘shnilarimizga tinchlik va farovonlik yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish