“China Investment” jurnali: O‘zbekistonda barqaror rivojlanishning o‘ziga xos modeli shakllanmoqda
Avgust 12, 2026. 08:55 • 2 daq
• 129PEKIN, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoyning yetakchi “China Investment” jurnalida Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, jahon iqtisodiyoti barqaror rivojlanish shunchaki deklarativ kun tartibi bo‘lishdan to‘xtab, davlatlar, kompaniyalar va moliya institutlariga bo‘lgan ishonchning asosiy mezonlaridan biriga aylangan bosqichga qadam qo‘ydi.
O‘zbekistonda milliy ustuvor yo‘nalishlarga asoslangan o‘ziga xos barqaror rivojlanish modeli shakllanmoqda. Mamlakat uchun suv va energetika xavfsizligi, aholi bandligi, ijtimoiy barqarorlik, davlat korxonalari faoliyatini takomillashtirish, boshqaruv shaffofligini oshirish va investitsiyaviy jozibadorlikni mustahkamlash alohida ahamiyatga ega.
Ushbu yondashuvning eng muhim xususiyati shundaki, ESG kun tartibi O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida rivojlanmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish kursi, milliy barqaror rivojlanish maqsadlari, mahallalarni rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar davlat siyosatining yaxlit tizimini shakllantiradi.
Avvalo, “yashil” iqtisodiyot faol rivojlanmoqda. Suv tanqisligi, iqlimning yuqori darajadagi taʼsirchanligi, Orol inqirozi oqibatlari va energetikani modernizatsiya qilish ehtiyojini hisobga olganda, “yashil” iqtisodiyot O‘zbekiston uchun obyektiv zarurat hisoblanadi.
Maqolada yozilishicha, ekologik yo‘nalish bilan bir qatorda, O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi kuchli ijtimoiy o‘lchovni ham qamrab oladi. Gap kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni kengaytirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand qatlamlarni himoya qilish va aholi turmush sifatini oshirish haqida bormoqda.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston sezilarli progressni namoyish etmoqda. Raqamli monitoring, davlat organlarining KPI tizimi, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, davlat korxonalarining ESG hisobotlari va issiqxona gazlari chiqindilarini hisobga olish bo‘yicha iqlim hamda ESG ko‘rsatkichlarini o‘lchash, hisobot berish va tekshirishning milliy tizimi rivojlanmoqda.
Davlat sektoridagi o‘zgarishlar alohida ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda katta yutuqlarga erishildi. 2025-yil yakuniga ko‘ra, 17 ta davlat korxonasi xalqaro kredit reytinglarini, ulardan 7 tasi esa ommaviy ESG reytinglarini oldi. Bu xalqaro moliyaviy intizom standartlariga o‘tilganidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



