Xitoyda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi
Sentabr 12, 2026. 15:00 • 2 daq
• 147SHANXAY, 12-sentabr. /“Dunyo” AA/. “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi Odiljon Sattarov boshchiligidagi delegatsiyaning Chjeszyan provinsiyasining Iu va Xanchjou shaharlariga tashrifi doirasida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlumotiga ko‘ra, Iu shahridagi Futyan tumanida vatandoshimiz Davronbek Buvajonov tomonidan yaqinda ochilgan “Tashkent” milliy taomlar restoranida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu maskanda 10 nafar O‘zbekiston fuqarosi, jumladan, mamlakatimizdan taklif etilgan 3 nafar oshpaz faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda vatandoshlarning yashash va mehnat sharoitlari muhokama qilindi. Restoran O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘ziga xos madaniy ko‘prikka aylanishi mumkinligi taʼkidlanib, uning faoliyatini kengaytirish va o‘zbek mahsulotlari pavilyonini ochish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “Jianghe yuan” restoranida Iu va atrof hududlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi. Ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida xorijdagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berildi.
Delegatsiya aʼzolari Xanchjou shahrida Chjeszyan fan va texnologiyalar universiteti prezidenti Chen Vensin bilan ham uchrashdi. Ushbu oliygohda 40 mingga yaqin talaba, jumladan, 35 nafar O‘zbekiston fuqarosi tahsil olmoqda. Muloqotda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Xanchjou oliygohlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ularga xorijda taʼlim olayotgan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magi haqida maʼlumot berilib, Xitoy qonunchiligi, viza va migratsiya talablari hamda taʼlim muassasalari qoidalariga qatʼiy rioya qilish muhimligi taʼkidlandi.
Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim vositasi sifatida o‘z vaqtida vaqtincha konsullik ro‘yxatidan o‘tish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



